O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2021 yil 1 iyul holatiga ko‘ra 34,86 mln kishini tashkil etib, yil boshidan 301,3 ming kishiga yoki 0,9% ga ko‘paydi, deyiladi Davlat statistika qo‘mitasining mamlakatdagi demografik vaziyat haqidagi hisobotida.

Shahar aholisi soni 17 mln 664,8 ming kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,7%), qishloq aholisi soni esa 17 mln 195,4 ming kishi (49,3%)ni tashkil etdi.

Respublika doimiy aholisi sonining 31,1% i mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 58% i mehnatga layoqatli yoshdagilar va 10,9% i mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

2021 yil yanvar-iyun oylarida 390,7 mingta bola tug‘ilganligi qayd etildi, bu 2020 yilning birinchi yarmiga (365,6 ming) nisbatan 7% ga ko‘p demakdir. 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 22,7 promilleni tashkil etdi hamda 2020 yilga nisbatan 1,1 promillega oshganligi kuzatildi (2020- yilda 21,6 promilleni tashkil etgan).

Tug‘ilganlar soni oylar bo‘yicha tahlil etilganda eng ko‘p qayd etilgan tug‘ilganlar soni 2020 yilda iyun oyida (74 448 kishi) kuzatilgan bo‘lsa, 2021 yilda ham iyun oyida (78 888 kishi) kuzatildi. Aksincha, eng kam qayd etilgan tug‘ilganlar soni 2020 yilda aprel oyida (55 161 kishi) kuzatilgan bo‘lsa, 2021 yilda fevral oyida (53 759 kishi) kuzatildi.

2021 yilning yanvar-iyun oylarida 79,7 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 7 foizga ko‘proq (74,6 ming). Har 1000 aholiga o‘lim koeffitsiyenti 4,6 promilleni tashkil etgan hamda 2020 yilga nisbatan 0,2 promillega oshgani kuzatildi (2020 yilda — 4,4 promille).


Vafot etganlar hududlar bo‘yicha tahlil etilganda har 1000 aholiga nisbatan eng ko‘p o‘lim holati Toshkent shahrida (6,0 promille) qayd etilgan. Aksincha, har 1000 aholiga nisbatan eng kam o‘lim holati Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida (4,0 promille) qayd etilganligi kuzatildi.

2021 yilning dastlabki olti oyida qayd etilgan o‘lim holatining 61,4% i — qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,4% i — o‘simtalardan, 5,7% i — baxsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 4,9% i — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 4,5% i — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 1,9% i — yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 12,2% i — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Ro‘yxatga olingan bir yoshgacha vafot etgan bolalarning 59,2% i — perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 18,4% i — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 11,4% i — tug‘ma anomaliyalardan, 2,8% i — yuqumli va parazitar kasalliklardan, 1,8% i — baxsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 0,7% i — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan va 5,7% i — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

O‘tgan yarim yil ichida tuzilgan nikohlar soni 119 mingtani yoki 2020 yilning birinchi yarmiga nisbatan 1,6 baravar ko‘proqni (75,6 ming) tashkil etdi.

Eng yuqori nikoh koeffitsiyenti (promille) Xorazm (8,2), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (8,2), Buxoro (7,8) viloyatlarida va Toshkent shahrida (7,5) kuzatildi. Eng kam nikoh tuzish koeffitsiyenti (promille) Andijon (6,0), Namangan (6,0), Qashqadaryo (6,1) va Farg‘ona (6,4) viloyatlarida kuzatildi.

2021 yilning yanvar-iyun oylarida ajrimlar soni 19,4 mingtani tashkil etdi. Bu 2020 yilning shu davridagi 12,8 mingtadan 1,5 baravarga ko‘proqdir. 2018 va 2019 yillarda birinchi yarim yillikda ajrimlar soni 16,4 ming va 16 mingta bo‘lgan.

Eng yuqori nikohdan ajrashganlar koeffitsiyenti (promille) Toshkent shahri (2,1), Sirdaryo (1,5), Toshkent (1,4) va Navoiy (1,3) viloyatlarida kuzatildi. Eng kam nikohdan ajrashganlar koeffitsiyenti (promille) Qoraqalpog‘iston Respublikasi (0,7), Qashqadaryo (0,8), Surxondaryo (0,8) va Xorazm (0,8) viloyatlarida kuzatildi.