Dushanba kungi brifingda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbari tadbirkorlar bilan qachon uchrashishiga aniqlik kiritdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, O‘zbekiston prezidenti tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishi haqida e’lon berib borayapmiz. Ushbu uchrashuv avgust oyining boshiga mo‘ljallangan va takliflar 31 iyulgacha qabul qilinadi», — dedi u.

Shuningdek, davlat rahbarining haftalik ish rejasidan o‘rin olgan tadbirlar ham ochiqlandi.

«Bugun Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi. Ertaga davlatimiz rahbari kon-metallurgiya sanoati rivoji bilan tanishadilar», — dedi Asadov.

Bundan tashqari, hafta mobaynida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish yuzasidan yig‘ilish, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha videoselektor o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishi va shu munosabat bilan unga savollar, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha g‘oya va takliflarni 31 iyulga qadar yuborish mumkinligi haqida yozgan edik.