2022 yilning 1 yanvaridan bir qator davlat xizmatlar uchun undiriladigan to‘lovlar kamaytiriladi va ayrimlari uchun to‘lov bekor qilinadi. Bu prezidentning 24 iyuldagi tegishli фармонида o‘z aksini topgan.

Jumladan, yangi yildan O‘zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish uchun biometrik pasport olish xizmati narxi BHMning 1 baravari — 245 ming so‘m [amalda BHMning 1,2 baravari — 294 ming so‘m] etib belgilanmoqda.

Tadbirkorlik subyektlariga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risida yangi namunadagi guvohnoma berish BHMning 20 foizi — 49 ming so‘mni [amalda BHMning 1 baravari — 245 ming so‘m] tashkil etadi.

Advokatlik byurolarini, advokatlik firmalarini va advokatlar hay’atlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun BHMning 1 baravari — 245 ming so‘m to‘lov [amalda BHMning 2 baravari — 490 ming so‘m] undiriladi.

Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari reyestriga kiritish yangi tartib bilan bepul [amalda BHMning 1 baravari — 245 ming so‘m] bo‘ladi.

Bundan tashqari, hujjat bilan 1 yanvardan boshlab davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun undiriladigan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning davlat xizmatini ko‘rsatish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlari hisobiga yo‘naltiriladigan qismining kamida 20 foizi ushbu tashkilotda axborot texnologiyalarini rivojlantirish, shuningdek, qog‘oz ko‘rinishdagi hujjatlarni raqamlashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda davlat organlari va tashkilotlarida mazkur mablag‘larning axborot texnologiyalarini rivojlantirish, shuningdek, qog‘oz ko‘rinishdagi hujjatlarni raqamlashtirish uchun yo‘naltirilishini doimiy ravishda monitoring qilib boradi.