Tennisda halollikni ta’minlash xalqaro agentligi (ITIA) 2019 yilda bo‘lib o‘tgan turnirda kelishilgan o‘yinlar bo‘yicha o‘tkazilgan tergovdan so‘ng, o‘zbekistonlik ikki tennischi Temur Ismoilov va Amal Sultonbekovning sportdan chetlatilganligini tasdiqladi.

Avvalgi tergovdan so‘ng 7 yilga sportdan chetlatilgan Ismoilov endi 2021 yil 21 iyuldan boshlab bir umrga sportdan chetlatildi va qo‘shimcha ravishda 14 ming dollar jarimaga tortildi. Sultonbekov 2021 yil 21 iyuldan 2026 yil 21 iyulgacha sportdan besh yilga chetlatilib, 8000 dollar miqdoridagi jarimaga tortilgan.

Ismoilovning ATP reytingidagi eng yuqori ko‘rsatkichi — 397, Sultonbekovda esa 1886 edi.

Ish Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha eshitish ofitseri Jeni Subliyer tomonidan olib borildi va mazkur sanksiyalar sportchilarga boshqaruv organlari tomonidan ro‘yxatga olingan yoki o‘tkaziladigan har qanday tennis musobaqalarida o‘ynash yoki qatnashish taqiqlanishini anglatadi.

Ikkala tennischi ham Tennisning Korrupsiyaga qarshi Dasturi (TACP) qoidalarining uchta bandini buzganlikda aybdor deb topilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, qoidabuzarliklar orasida biror kishini o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazishga undash, o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazishga rozi bo‘lish, o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazish uchun pul yoki boshqa foyda olish kabi holatlar bor.

Bundan tashqari, Ismoilov o‘yinchini biror bir tadbirda o‘zining bor kuchini namoyish qilmaslikka undaganlikda ham aybdor deb topilgan.

Dasturda belgilanishicha, o‘yinning natijalariga ta’sir ko‘rsatish uchun sportchiga pul, biror foyda, rag‘bat yoki insayderlik ma’lumoti taklif etilsa u iloji boricha tezroq bu haqda TIU ga xabar berishi kerak.