Ijtimoiy tarmoqlarda «Bizni qul qilib sotib yuborganmisizlar?» sarlavha ostida e’lon qilingan videomurojaat bo‘yicha Oliy Majlis Senati munosabat bildirdi.

Video lavhada 41 nafar O‘zbekiston fuqarosi xorijga ishlashga jo‘natilgani, lekin ularga va’da qilingan ish haqi to‘lanmayotganligi haqida shikoyat qilinadi.

«Ulug‘bek aka, (videoda murojaat qilingan shaxsga qarata aytilyapti — tahr.), 41 nafar odam kelganmiz O‘zbekistondan. Bugundan ishga chiqdik. Men 130 so‘m pul topdim. Qolgan bolalar 120 so‘mdan ishladi. Ertalabdan kechgacha ishlagan pulimiz bu. Bizga 33 mingdan 50 minggacha [rubl] oylik va’da qilingan. Yotog‘imizni pulga sotyapti. Hozir qarzimiz ham bor. Bizni sotib yuborganmisizlar, tushunmayapmiz. Xohlagan pulini berib, ishlatishyapti», — deyiladi murojaatda.

Video lavhada boshqa insonlar ham ish og‘irligini ta’kidlashdi. «Va’da qilingan pulni kim beradi bizga? Qul bo‘lib keldikmi bu yerga? Har birimizning bola-chaqamiz bor 3 tadan, 5 tadan, uyda non yeyman deb kutayotgan. Makaron qaynatib beryapti indamay chiqyapmiz, yotog‘i bor ekan, deb. Nima qilish kerak? Kim hal qiladi bu narsalarni?», — deya qo‘shimcha qiladi video murojaat yo‘llagan kishi.

«„500 dollardan yo‘l kira sarfladik senlarga“, deyishyapti. Endi 6 oy ishlaymizmi qarzni uzish uchun? Hozir hisoblasak, kuniga 200 so‘m topganimizda oyiga 6000 so‘m topar ekanmiz. Qaysi davlatda oyiga 6000 so‘m beradi? Hal qilinglar bu masalani», — deydi u.

Oliy Majlis Senatining ma’lum qilishicha, ushbu fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Andijon filiali orqali Rossiya Federatsiyasiga ishga jo‘natilgan.

Mazkur videomurojaat Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Qo‘mita tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ushbu holat yuzasidan tushuntirish berilishi bo‘yicha so‘rov yuborilgan.

Holat bo‘yicha o‘rganish natijalari ma’lum qilinishi ta’kidlandi.