20 iyul kuni Namangan viloyati hududida kuchli yomg‘ir va do‘l yog‘ishi oqibatida Namangan shahar, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on hamda Uychi tumanlarining ayrim mahallalarida aholi yashash xonadonlari, ko‘chalarga suv toshish holatlari kuzatilgan, deya xabar berdi viloyat FVB matbuot xizmati.Foto: Namangan viloyat FVB.

Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov hamda sektor rahbarlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i hamda texnika vositalari va qutqaruv otryadlari jalb etilib, yuzaga kelgan holatni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, yomg‘ir va do‘l yog‘ishi oqibatida sodir bo‘lgan suv sel toshqini natijasida aholi yashash xonadonlarida to‘planib qolgan suvlarni tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Xodisa joylariga maxsus avtomabillar va xizmatchilar yong‘in qutqaruv qismi shaxsiy tarkibi shu bilan birga hamkor tashkilotlardan 80 ta texnika va 584 nafar ishchi xodimlari jalb etildi, deyiladi xabarda.

Foto: Namangan viloyat FVB.

Namangan shahar Yuksalish MFYda joylashgan 4,5,6,-ko‘p qavatli uylarning yer to‘lasida suv to‘planganligi sababli ko‘p qavatli uyda yashovchi 100 nafar fuqaro xavfsiz hududga evakuvatsiya qilindi. Yer to‘ladagi to‘planib qolgan suvlarni 4 ta yong‘in qutqaruv avtomabili va 8 ta suv tortish nasoslari (motopompa) orqali tortish choralari ko‘rildi. Shu bilan bir qatorda Namangan shahar Davlatabod tumani Yelixon mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Shishaki soyi yaqinida joylashgan 7 ta xonadondagi 32 nafar fuqaro xavfsiz hududga evakuvatsiya qilindi.

Viloyat FVB ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q.

IIV YHXBB matbuot xizmatining xabar qilishicha, sel oqimlari ikkita ko‘prikka zarar yetkazgan.

Foto: IIV YHXBB.

Jumladan, Namangan shahar hududidan o‘tgan 4R-117 «To‘raqo‘rg‘on-Namangan-Chortoq» avtomobil yo‘lining 15-kilometrida joylashgan ko‘prikka zarar yetgan. Ushbu ko‘prikda sozlash ishlari olib borilishi munosabati bilan harakat to‘liq cheklangan.

Shuningdek, 4R-112 «Farg‘ona xalka yo‘li» avtomobil yo‘lining 73-kilometrida joylashgan «Tashlama» ko‘prigiga zarar yetgan. Bu yerdagi sozlash ishlari olib borilishi munosabati bilan harakat qisman (bir tomonlama tashkil etilgan) cheklangan.

Haydovchilarga tirbandliklarni oldini olish maqsadida vaqtincha aylanma yo‘llardan foydalanish tavsiya qilindi.

Foto: Kun.uz.

Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, Pop tumani tog‘li ''Imomota'' MFY hududlaridagi soydan kelgan suv bir necha avtomobilni oqizib ketgan.

Eslatib o‘tamiz, 13 iyul kuni Qirg‘iziston hududida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar sababli Namangan viloyatining Kosonsoy tumaniga sel kelgan edi. To‘qqiz kishi hayotdan ko‘z yumdi, olti kishi jarohatlandi.

May oyi boshida esa sel oqimlari Namangan viloyatidagi ayrim yo‘llarga zarar yetkazgan edi.