Japan Times nashrining xabar berishicha, 30 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Tokio Olimpiya stadionida ayol kishini zo‘rlashda gumon qilinib, hibsga olingan.

Tokio politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, universitet talabasi bo‘lmish D. R. 20 yoshlar atrofida bo‘lgan yaponiyalik qizga juma kuni kechqurun stadiondagi tomoshabinlar o‘rindiqlari oldida hujum qilib, zo‘rlagan.

Mahalliy OAVlarning xabarlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik talaba yaponiyalik qiz bilan aynan o‘sha kuni Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonida tanishgan. Kyodo News ma’lumotiga ko‘ra, ularning ikkalasi ham Olimpiada o‘yinlariga aloqador vaqtincha ishga jalb qilingan.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu fuqaro O‘zbekiston Olimpiya delegatsiyasi tarkibiga kirmaydi. «Asosiy delegatsiya bugun Toshkentdan uchib ketadi», — dedi MOQ matbuot xizmati.

O‘zbekistonlik talaba ushbu ayblovlarni inkor qilmoqda.