Klinik sinovlarning uchinchi bosqichida Kubaning koronavirusga qarshi Abdala vaksinasi kasallikning og‘ir shakli va o‘limga qarshi 100% samaradorligini namoyish etdi, deya xabar bermoqda TASS Prensa Latina ma’lumotlariga tayanib.

«Koronavirusga qarshi Abdala vaksinasi klinik tekshiruvlarining uchinchi bosqichi samaradorligi to‘g‘risida ma’lumotlar olindi, natijalar juda yaxshi», — deya agentlik vaksinani ishlab chiqqan Genetik muhandislik va biotexnologiya markazi direktori Marta Ayalaning so‘zlarini keltiradi.

Ayalaning ta’kidlashicha, vaksinaning samaradorligini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlarda ishtirok etadiganlarni 300 ming kishiga yetkazish rejalashtirilgan.

Avvalroq Kuba Dori vositalari, asbob-uskunalar va tibbiyot buyumlarini davlat nazorati markazi (CECMED) koronavirusga qarshi vaksinasidan favqulodda foydalanishga ruxsat bergan edi. Iyun oyining ikkinchi yarmida Kuba preparatning klinik tadqiqotlari tugaganligini e’lon qildi, uning koronavirus simptomatik kursiga qarshi samaradorligi 92,28% ni tashkil etgan.