16 iyul kuni Toshkent shahrida boshlangan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Bugun Afg‘oniston o‘zining yangi tarixida „tub burilish pallasi“ ni o‘tkazyapti. Biz donishmand afg‘on xalqi umummilliy murosaga erishish yo‘lida o‘zaro kelishuvlarga tayyor ekanini namoyish etishiga aminmiz. Ishonchimiz komilki, bizning mintaqalararo hamkorligimiz, mamlakatda iqtisodiyotni tiklash, tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish uchun muhim omil bo‘ladi», — deya ta’kidladi davlat rahbari.


Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida bir necha tashabbuslarni ilgari surdi:

  • Savdo-iqtisodiy hamkorlik, kooperatsiya va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish uchun har yili mintaqalararo forum o‘tkazish;
  • Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yo‘lining qurilishini ishtirokchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani, mintaqalararo strategiyasining aloqalarni kuchaytirish uchun savdo, tranzit va bojxona jarayonlarini raqamlashtirish, qo‘shma harakatlar strategiyasini qabul qilish;
  • BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti shafeligida mintaqa mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvini o‘tkazib, qo‘shma dastur ishlab chiqish;
  • Markaziy va Janubiy Osiyoning turoperatorlarining yagona platformasini shakllantirish, Jahon sayyohlik tashkiloti ishtirokida mintaqada turizmni yanada rivojlantirish;
  • YUNESKO shafeligida Termizda Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazish;
  • Qo‘shma tadqiqot va tajriba almashish dasturlarini rag‘batlantirish, olim va tadqiqotchilar uchun yengillashtirilgan viza tartibini joriy qilish kabilar shular jumlasidandir.

Shavkat Mirziyoyev nutqidan so‘ng BMT bosh kotibi Antoniu Gutterish konferensiya ishtirokchilariga videomurojaat bilan chiqdi.