Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov «Ular» loyihasida Gruziyadagi jamoat transporti, ekologiya hamda gaz va svet tizimi haqida fikr bildirib, uni O‘zbekistondagi holatlar bilan solishtirdi.

«[Gruziyadagi] qaysi shaharga borsangiz, agar u shaharda siz yashovchi bo‘lmasangiz, siz uchun birinchi o‘rinda harakatlanish uchun makon kerak, ikkinchisi jamoat transporti kerak. Makon va jamoat transport orqali siz qayerga borish mumkinligini yaqin-atrofdagilardan so‘rab olishingiz mumkin. So‘nggi 5−6 yil davomida bizning Toshkent, Farg‘ona, Andijon kabi yirik shaharlarimizda muammo bo‘lib kelgan narsalar — birinchisi, jamoatchilik makoni yo‘qligi, ikkinchisi jamoatchilik transporti muammosi yildan-yilga kuchayib ketayotgani», — deydi u.

Otabek Bakirovning qo‘shimcha qilishicha, Gruziya jamoat transporti uchun ishlatiladigan jamoat kartasi barcha shahardagi jamoat transportlariga o‘tadi.

«Ushbu universal kartani (Gruziya jamoat transportlar uchun ishlatilatiladigan karta — tahr.) nafaqat avtobusda, metroda, hatto turistlarni Tbilisining (Gruziya poytaxti — tahr.) yuqori qismiga olib chiquvchi kanat tizimida ham o‘tishi va undan ham keyin, butunlay boshqa shahar, 500 km uzoqlikdagi Batumida ham o‘tishi meni hayron qoldirdi. Turist ushbu mamlakatga kelgandan keyin uning tranzaksion harajatlari minimallashtirilgan», — deydi iqtisodchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonni ham Gruziya, Turkiya singari turistik mamlakatga aylantirish uchun bu to‘g‘risida ham o‘ylash kerak.

Shuningdek, Otabek Bakirov Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining islohotlari haqida ham gapirib o‘tdi. Uning fikricha, islohotlardan avval Gruziyada svet bepul bo‘lgan, lekin svetning o‘zi bo‘lmagan. «Bizda reformalar nega bo‘lmayapti desangiz bizda avval „tekin“ edi, lekin bo‘lmagan. Hozir svet qimmat, lekin baribir yo‘q. Gruziya reformasidan farqimiz shu», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Iqtisodchi Gruziya gaz ishlab chiqarmasligiga, hamma gazni Ozarbayjondan olishiga e’tibor qaratdi.

«Ozarbayjonning „SOCAR“ degan katta korparatsiyasi bor. [Gruziya] ular bilan har 5 yilga shartnoma tuzadi. 5 yilda tariflar o‘zgartirilmaydi, muzlatiladi. Gazning 1 kub narxi 57 tetri, bizning pulga 1 680−1 700 so‘mlarga to‘g‘ri keladi (57 tetri = 1 900 so‘m — tahr.). Solishtirish uchun aytaman, O‘zbekistonda 1 kub gaz aholi uchun 400 so‘m, biznes 1000 so‘mdan yuqori to‘laydi. Lekin O‘zbekistondan farqli ravishda gaz bo‘yicha o‘chib qolish degan narsa yo‘q», — deydi u.

Otabek Bakirov ekologiya tizimi va daraxtlar muammosi haqida ham fikr bildirib o‘tdi.

«Bizda daraxtlarni ekishdagi eng asosiy muammo nima? Bizda suv bormagan, sug‘orilmaydigan joylarga daraxt ekiladi. Boshidan qurishi ma’lum bo‘lgan darxtlar ekiladi. Yana bizni iqlimimizda aniq qurib qolishi mumkin bo‘lgan daraxtlar ekiladi. Statistika tahlil qilinganida oxirgi 3 yilda ekilgan daraxtlarning 70 foizi qurib qolgan», — deydi u.