Iroq janubidagi Di-Qar provinsiyasi En-Nasiriya shahridagi kasalxonada yuz bergan yong‘inda kamida 50 kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Interfaks Associated Press ma’lumotlariga tayanib.

Qayd etilishicha, COVID-19 bemorlari davolanadigan bo‘lim yonib ketgan. O‘nlab odamlar jarohatlangan.

BNO News xabariga ko‘ra, hozirda vafot etganlar soni 58 nafarga yetdi.

Mavjud versiyalardan biriga asosan, qisqa tutashuv yong‘inga sabab bo‘lgan. Boshqa manbalarga ko‘ra, kislorod balonining portlashi natijasida yong‘in yuzaga kelgan. Iroq Sog‘liqni saqlash vazirligi yong‘in sabablarini rasman e’lon qilmadi.

Agentlikka xabardor manbalar ma’lum qilishicha, yong‘in sodir bo‘lgan filial atigi uch oy oldin ochilgan. U 70 bemorga mo‘ljallangan bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash departamenti vakili Di-Qara Ammar al-Zamilining mahalliy OAVlarga ma’lum qilishicha, yong‘in boshlanganda bo‘limda kamida 63 nafar bemor bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, bino yonuvchan materiallardan qurilgan.

Aprel oyida Iroqning Bog‘dod shahridagi koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar uchun jihozlangan shifoxonada yuz bergan yong‘inda 80 dan ortiq kishi halok bo‘lib, 110 kishi jarohatlangan edi.

Hozirda Iroqda koronavirusga chalinish holatlarining navbatdagi to‘lqini kuzatilmoqda. Mamlakatda har kuni 9 mingdan ortiq yuqtirish holatlari ro‘yxatga olinmoqda.