Vazirlar Mahkamasi 3 iyul kuni «Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida «Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash loyihasi»ni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarorini qabul qildi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

2020 yil 17 dekabrda O‘zbekiston hukumati va Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi (STJ) o‘rtasida «Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash» loyihasini moliyalashtirish uchun yillik 2 foiz stavkada 5 yillik imtiyozli davr bilan 20 yillik muddatga 10,9 mln AQSh dollari ekvivalentidagi (41 mln Saudiya Arabistoni riali) qredit bitimi imzolangan. Shartnoma prezidentning 12 apreldagi «Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qaroriga muvofiq tuzilgan.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • «Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sherikligini qo‘llab-quvvatlash» loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari;
  • ushbu loyiha bo‘yicha asosiy qarz va foizlarni to‘lashning prognoz jadvali.

Loyiha doirasida tijorat banklariga imtiyozli kreditlar milliy valyutada taqdim etiladi. Saudiya rialiga nisbatan milliy valyuta kursining o‘zgarishi tufayli salbiy xarajatlar (valyuta tavakkalchiligi) O‘zbekiston milliy byudjetidan qoplanadi.

Loyihaning qoplanish muddati 3 yil (2021−2023).

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda DXSH tamoyili asosida nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini moliyalashtiradigan tijorat banklari STJ mablag‘lari hisobidan xususiy sheriklarga imtiyozli kreditlar berish uchun javobgar hisoblanadi.