Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkentning Taras Shevchenko ko‘chasida joylashgan Geologiya muzeyi binosini auksionga qo‘ydi. Bu haqda Spot xabar qildi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, muzey hozirda Geologiya fanlari universiteti kampusi qurilayotgan Mirzo Ulug‘bek tumaniga ko‘chmoqda. 2020 yilning 31 yanvar kuni prezident yangi OTM poydevoriga birinchi toshni qo‘ygan edi.

Muzey 2010-yillar boshidan buyon egallab turgan bino 1928 yilda qurilgan. Yer uchastkasining umumiy maydoni 1140 kv. m, inshoot maydoni 714 kv. m, barcha inshootlar bilan birgalikdagi umumiy maydoni esa 2873 kv. m ni tashkil etadi. Kanalizatsiya, elektr energiyasi, gaz va suv tarmoqlariga ulangan.

Obyektning boshlang‘ich narxi 27,6 mlrd so‘m deb belgilandi. Arizalar 7 avgustgacha qabul qilinadi, savdolar 9 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.