Toshkent shahrining Yunusobod tumanida «Davlat tili to‘g‘risida"gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan besh oy davomida ishchi guruh tomonidan 1000 dan ziyod peshlavha, reklama va e’lonlar, ko‘rgazmali boshqa axborot matnlarining davlat tilida bo‘lishini ta’minlash, qonun talablariga javob bermaydiganlarini tuzatish choralari ko‘rildi, deya xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Xususan, 47 ta bilbord (banner), 3 ta prizmatron (uch qirrali, aylanuvchan), 5 ta monitor, 960 ta savdo va maishiy obyektlar yoniga qo‘yilgan va oynalariga yopishtirilgan axborotlar davlat tiliga tarjima qilingan.

Shuningdek, Amir Temur ko‘chasida faoliyat yuritayotgan 260 ta, Moyqo‘rg‘on ko‘chasidagi 56 ta, Ahmad Donish ko‘chasidagi 67 ta, Kichik Xalqa yo‘lidagi 40 dan ziyod korxona, tashkilot, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga tegishli peshlavha, e’lon, reklama va axborot oynalari mavjud «qonunchilik me’yorlariga zid bo‘lganligi bois, barchasi o‘zbek lotin yozuvida tayyorlanadigan bo‘ldi», deyiladi xabarda.

Maxsus ishchi guruh tomonidan bugungi kunda ham o‘rganishlar davom etmoqda. Toshkent shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, ishchi guruh tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar amaldagi qonunlar va me’yoriy hujjatlar ijrosini ta’minlaydi.

«Davlat tili to‘g‘risida«gi qonunning 20-moddasiga ko‘ra, lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin.

Ammo, «Reklama to‘g‘risida«gi Qonunning 5-moddasiga binoan, O‘zbekiston hududida reklama O‘zbekistonning davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga ko‘ra boshqa tillarda tarqatiladi. Belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo‘g‘inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo‘lsa, shu tilda keltirilishi mumkin.

Oliy Majlisi Senati 26 iyun kuni o‘n oltinchi yalpi majlisda «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Hujjat davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida, jismoniy va yuridik shaxslarga murojaat qilishda, ish yuritishida, tadbirlarda, me’yoriy hujjatlarda davlat tilidan foydalanish masalalarini batafsil belgilab beradi. Qonun kuchga kirishi uchun prezident uni imzolashi kerak.