Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlar bandligi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Ma’lumotga ko‘ra, maktab bitiruvchilariga attestat berishda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida bitta kasb yoki hunarni egallash majburiy bo‘lishi belgilanmoqda.

«Maktablarning 10−11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bundan buyon, maktab bitiruvchisiga attestat berishda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida bitta kasb yoki hunarni egallash majburiy qoida bo‘ladi. Bu tizim davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat ta’lim tashkilotlari bilan birga yo‘lga qo‘yiladi», — dedi prezident.

Bu borada Andijon viloyatida jami 41 ming maktab bitiruvchilarining 25 ming nafarini kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash bo‘yicha shakllangan tajriba barcha hududlarda keng qo‘llanishi kerakligi ta’kidlandi.

«O‘ylaymanki, ushbu tashabbusni barcha ota-onalar qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki, kasb-hunar egallagan inson birovga muhtoj bo‘lmaydi, buzg‘unchi g‘oyalarga berilmaydi, hayotda albatta o‘z yo‘lini topadi», — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, kengash va idora rahbarlarigiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlanishi ma’lum qilindi.

«Yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz. Buning uchun, viloyat, tuman va shahar Kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlaydilar. Joriy yildan boshlab bunday iqtidorli yoshlarimiz „El-yurt umidi“ jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chet ellarda stajirovka o‘taydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, xalqaro nufuzli reytinglarda minggtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lanishi rejalashtirilmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, 2021 yilning yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston, Andijon, Samarqand, Sirdaryo va Navoiyda yoshlar texnoparklari foydalanishga topshiriladi. Kelgusi yili Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona, Xorazm va Surxondaryoda ham shunday texnoparklar barpo etiladi.

Shu bilan birga, yoshlarning startap g‘oyalarini saralab olishning ochiq-oshkora tizimi yo‘lga qo‘yilib, eng yaxshi loyihalarni moliyalashtirishga kelgusi yilda byudjetdan 100 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

«Viloyat hokimlari yoshlarning „Biznesga birinchi qadam“ startap loyihalari tanlovini joriy etib, har bir tumandan kamida uchtadan g‘oliblarga mahalliy byudjetdan grantlar berib boradi. Bitta grantning summasi o‘rtacha 50 mln so‘mni tashkil etadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yoshlarni biznesga o‘qitish, «Loyihalar fabrika» larida yangi g‘oyalar asosida innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va moliyalashtirish bo‘yicha doimiy ishlaydigan hamda yoshlarga qulay va qiziqarli bo‘lgan yangi tizimni yaratish zarurligi qayd etib o‘tildi.

«Xorijdagi yoshlarimizga Vatanimizga qaytib ishlash, o‘z biznesini tashkil etish, ularni uy-joy sharoitlariga yordam berish yo‘lga qo‘yilishi kerak», — ta’kidladi prezident.

Mazkur ishlarni moliyalashtirish maqsadida, byudjetdan qo‘shimcha 100 mln dollar mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

«Milliy bank, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo sanoat palatasi nufuzli xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda Toshkent shahrida yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatish bo‘yicha yangi biznes maktab tashkil etsin. Kelgusi yildan ushbu biznes maktabning barcha hududlarda filiallari ochiladi», — qo‘shimcha qildi Shavkat Mirziyoyev.