1 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda viloyat hokimlaridan birining qizining to‘yida olingani aytilgan foto va video лавҳалар tarqaldi. Keyinroq tarmoq foydalanuvchilari ushbu surat va videolar Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga aloqador ekanligi haqida fikr bildirishdi.

Mazkur holat yuzasidan viloyat hokimligi matbuot xizmati izoh berdi. Qayd etilishicha, viloyat hokimi yaqin kunlarda qizini turmushga uzatgan. Haqiqatdan ham, videolavhaning birinchi qismida Andijon viloyati hokimining qizi va kuyovining unashtiruv marosimidagi suratlar aks etgan.


«Ammo, tarqatilgan videoning ikkinchi qismida turli xil kiyim kechaklar bilan to‘ldirilgan gardiroblar, uy-joylar aks ettirilgan suratlar viloyat hokimiga umuman aloqador emasligi aniqlandi. Ushbu fotosuratlar internet tarmoqlaridan ko‘chirib olingan va ko‘chirilgan suratlar yordamida tayyorlanganligi ma’lum bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Hokimlik matbuot xizmati tarmoq foydalanuvchilariga OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on axborot tarqatish uchun qonuniy jazo choralari mavjud ekanini eslatib o‘tdi.