1 iyun holatida O‘zbekistondagi banklarning muammoli kreditlari ulushi berilgan kreditlar umumiy hajmining 4,7% ini tashkil etdi. Markaziy bank ma’lumotlari bunga guvohlik bermoqda.

Ma’lumot uchun: Muammoli kreditlar (NPL, Non-performing loan, ishlamaydigan kreditlar) muddatidan 90 kundan ortiq vaqt o‘tgan, qoniqarsiz, shubhali va umidsiz deb tasniflangan kreditlarni o‘z ichiga oladi.

Bank tizimi 2020 yilni 2,1 foizli muammoli kreditlar ulushi bilan yakunlagan bo‘lsa, 1 fevral holatida bu ko‘rsatkich 2,7 foizga, 1 mart holatida 2,8 foizga yoki 7,8 trln so‘mga (jami kredit portfelida — 280,2 trln so‘m), 1 aprel holatida — 3,6% gacha yoki 10,1 trln so‘m (283,4 trln so‘m), 1 may holatida — 4,4% gacha yoki 12,9 trln so‘mga (292 trln so‘m) o‘sdi.

1 iyun holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 4,7 foizga yoki 14 trln so‘mga (297 trln so‘m) ko‘tarildi, ya’ni bir oy ichida NPL hajmi 8,3 foizga oshdi.

Muammoli kreditlar ulushi davlat ulushiga ega bo‘lgan 13 ta bankning 9 tasida o‘sdi (jami 9,1 foizga — 12,2 trln so‘mgacha). Xususan, O‘zbekiston Milliy bankiнинг NLP ko‘rsatkichi 2,6 trlndan 3 trln so‘mgacha (36 foizga), «O‘zsanoatqurilishbank» — 1,5 trlndan 1,7 trln so‘mga, «Agrobank» — 1,1 trln so‘mdan 1,3 trln so‘mgacha, Halq banki — 1,1 trlndan 1,2 trln so‘mgacha (45,7%), «Ipoteka Bank» — 1,2 trlndan «Mikrokreditbank» — 331 mlrddan 705 mlrd so‘mgacha (91,3%), «Aloqabank» — 256 mlrddan 291 mlrd so‘mgacha, Asia Alliance Bank — 163 mlrddan 204 mlrd so‘mgacha, «O‘zagroeksportbank» — 34 mlrddan 52 mlrd so‘mgacha o‘sgan.

O‘z navbatida, NPL «Asakabank»da o‘zgarmagan bo‘lsa, «Qishloq qurilish bank», «Turonbank» va «Poytaxtbank»da pasaydi.

Kredit portfeli sifati xususiy banklar o‘rtasida qariyb o‘zgarmadi (NPL o‘sishi 2,6% gacha), biroq «Turkiston» (82,5% muammoli kreditlar), Hi-Tech Bank (89,3%) va Madad Invest Bank (28,9%) banklarida vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Hamkorbank NLP ko‘rsatkichi 349 mlrddan 270 mlrd so‘mgacha pasaytira olgan bo‘lsa, «Ipak yo‘li»da aksincha, 190 mlrddan 262 mlrd so‘mgacha keskin o‘sish kuzatildi.

MB Kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi departamenti direktori Sanjar Nosirovning qayd etishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti keskin sustlashdi, korxonalar va aholi karantin cheklovlari natijasida banklar oldidagi qarzdorlikni qoplashda qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda.

Muammoli kreditlar bilan bog‘liq vaziyatga prezident Shavkat Mirziyoyev ham bir necha marta e’tibor qaratdi. Xususan, 12 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida u hududlardagi muammoli kreditlar bo‘yicha mas’ul rahbarlarni tanqid qilgan edi. Sohalar kesimida mavjud muammoli kreditlar sanoatda — 3 trln so‘m, savdo va xizmat ko‘rsatishda — 2,1 trln so‘m, qishloq xo‘jaligida — 1,8 trln so‘m, qurilishda — 978 mlrd so‘m, transport va kommunikatsiyada — 547 mlrd so‘mni tashkil etishi aytib o‘tildi. Hududlar kesimida Jizzax, Samarqand Surxondaryo va Toshkent viloyatlarining har biriga qariyb 1 trln so‘mdan muammoli kreditlar to‘g‘ri kelmoqda.

Prezident bu mablag‘larni qaytarishga bosh vazir o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor va tijorat banklari rahbarlari shaxsan javob berishini aytdi.