O‘zbekistonlik sambochi Dilshod Choriyev to‘rt yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi deya xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 25 mart kuni Rossiya poytaxti Moskva shahrida sambo bo‘yicha “Memorial Xarlampiyev” nomli jahon kubogi bahslarida -98 kg vaznda ikkinchi o‘rinni egallagan Dilshod Choriyevdan (sportcha sambo) olingan doping-sinamada “meldoniy” taqiqlangan moddasi aniqlanganligi sababli tekshiruv boshlangan edi.

FIAS Xalqaro sambo federatsiyasining 23 iyun kunidagi ma’lumotiga ko‘ra, sambo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Dilshod Choriyevning doping-sinamasida aniqlangan “meldoniy” taqiqlangan moddasi yuzasidan FIAS Axloq bo‘yicha komissiyasi yakuniy qarorni qabul qildi.

Ushbu qarorga ko‘ra, FIAS Xalqaro sambo federatsiyasining Antidoping qoidalariga muvofiq, Dilshod Choriyev 4 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Sportchi 2021 yil 7 maydan boshlab, 2025 yil 6 mayga qadar barcha sport tadbirlarida ishtirok etmaydigan bo‘ldi.

“Ma'lumot uchun aytib o‘tmoqchimiz, Butunjahon antidoping agentligining Taqiqlangan ro‘yxatida meldoniy 2016 yildan beri ro‘yxatning „S4. Metabolizm gormonlari va modulyatorlari“ guruhiga kiritilgan doping moddasidir”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, avvalroq o‘zbekistonlik bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev ham Milliy antidoping agentligi qarori bilan 4 yilga barcha milliy va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etish huquqidan mahrum etilgan edi.