Ushbu haftada prezident Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan ham tanishadi, deya xabar bermoqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga tayanib “Gazeta.uz” muxbiri.

Prezident haftani 15−16 iyul kunlari Toshkentda o‘tishi rejalashtirilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilishni o‘tkazish bilan boshlaydi.

“Dushanba kuni Toshkent shahrini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha taqdimot bo‘lishi kutilmoqda. Ertaga mis ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish hamda sanoat klasterini tashkil etish yuzasidan yig‘ilish, 23 iyun kuni Yangi O‘zbekiston universitetini tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot o‘tkazilishi mo‘ljallangan”, — dedi Asadov.

Shuningdek, tarmoq va hududlarda investitsiya loyihalari ijrosi hamda mahalliy sanoat loyihalarini jadallashtirish masalalari yuzasidan videoselektor ham rejaga kiritilgan.