Adliya vazirligi tadbirkorlar uchun yagona huquqiy manba — Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqmoqda. Bu haqda adliya vaziri Ruslanbek Davletov 16 iyun kuni Savdo-sanoat palatasi qurultoyi doirasida ma’lum qildi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Loyiha qonunchilikdagi eng zamonaviy uslublardan hisoblangan «One in two out» (har qanday yangi boshqaruv ikki eskisini bekor qilishi kerak), biznes jarayonlar reinjiniringi (BPR) konsepsiyalari asosida ishlab chiqilmoqda, dedi u.

Tadbirkorlik kodeksi nima uchun kerak?

Birinchidan, ayni vaqtda tadbirkorlik faoliyatini boshqaruvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq va ular soni juda ko‘p. Xususan, tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5000 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Hujjatlarning haddan ziyod ko‘p bo‘lishi ular o‘rtasida qarama-qarshiliklarni vujudga keltirib, tadbirkorlik amaliyotini qiyinlashtirishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlik subyektlarining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ladi.

Vazir «tadbirkor ishlashi, o‘z g‘oyalarini amalga oshirishi kerakligini» ta’kidlab o‘tdi.

«Agarda u qog‘ozbozlik va byurokratiyaga botgan bo‘lsa, kim uning ishini bajaradi? Shuning uchun uning qo‘lida bitta huquqiy me’yorlar to‘plami bo‘lishi kerak. Masalan, Yaponiyada tadbirkorda faqat bitta Tijorat kodeksi mavjud, u shunga suyanib o‘z tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradi», — dedi u.

Ikkinchidan, sohani huquqiy tartibga solishda, zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda bo‘shliqlarni bartaraf etishda yangi ijtimoiy munosabatlarni to‘liq huquqiy tartibga solish masalasi turibdi, deb ta’kidladi Ruslanbek Davletov. Masalan, «o‘rta biznes» mezonlari, innovatsion tadbirkorlikni joriy etish, elektron tijorat (startap korxonalar, innovatsion klasterlar, texnoparklar va boshqalar).

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi turli xil mojarolar mavjud bo‘lgan xilma-xil qonun hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini me’yorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasidagi aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvning aniqlab olinishiga yordam beradi.

Loyihaning sentyabr yoki oktyabr oylarida majburiy tartibda jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilishi kutilmoqda. Adliya vazirligi tadbirkorlarni, sohaning ilmiy vakillarini, soha mutaxassislarini, ekspertlarni va boshqalarni kodeksni ishlab chiqish jarayonida faol ishtirok etishga chorlaydi.

Adliya vaziri bundan oldin ham tadbirkorlik sohasidagi muammolar va ularni hal etish yo‘llari haqida gapirgan edi. «Biz turli xil tashkilot va muassasalarni yaratib, qonunlarni qabul qilish orqali tadbirkorlarga qanchalik yordam berishga harakat qilishimizdan qat’i nazar, eng katta yordam ikki omildan iboratligini tan olishimiz kerak: hamma uchun teng sharoit yaratish va tadbirkorni o‘z holiga qo‘yish», — degan edi u.