Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi 28-maktabning 7−11-sinflarida tahsil oluvchi ayrim o‘quvchilar o‘z sinfxonalarini ta’mirlash ishlariga jalb qilingani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi va Jomboy tuman Xalq ta’limi bo‘limi rahbar-xodimlari tomonidan mazkur holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish davomida haqiqatan ham Jomboy tumani 28-umumta’lim maktabida yollanma ishchi xodimlar tomonidan yengil ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi aniqlangan.


Suratdagi o‘quvchilar, ya’ni 6 nafar 7−9 sinf o‘g‘il bolalari maktabda olib borilayotgan ta’mirlash ishlariga yordam berish uchun ota-onalarining roziligi bilan kelganligi ma’lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, o‘rganish davomida o‘quvchilarning ota-onalari ham farzandini o‘z roziligi bilan maktabdagi ta’mirlash ishlariga yordam berish va ta’til davrida hunar o‘rganish uchun yuborganini tasdiqlashdi.

Barcha fotolar: «Daryo» nashriga tegishli.

Suratdagi 5 nafar qiz o‘quvchilar esa maktabning 11-a va 11-v sinf o‘quvchilari bo‘lib, ular bilan suhbatlashilganda, qizlar yakuniy davlat imtihonlarining baholarini bilish maqsadida kelganligi aniqlangan.

«Shuningdek, mazkur maktab rahbariyati hamda o‘qituvchilari, sinf rahbarlari bilan suhbatlashish jarayonida ular o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish qonunga zid ekanligidan xabardorligini bildirishdi va o‘quvchilarni maktabdagi ta’mirlash ishlariga chaqirmaganliklarini ma’lum qilishdi», — deyiladi xabarda.

Ayni paytga qadar olib borilgan o‘rganishlar xulosasiga ko‘ra, Jomboy tumani 28-umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘zi va ota-onalarining ixtiyoriga zid ravishda ta’mirlash ishlariga jalb qilinmagan.

Bugungi kunda ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.