Rossiyadagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning koronavirus pandemiyasi sababli vaqtinchalik yashash yoki doimiy yashash muddatlari 2021 yil 30 sentyabrgacha uzaytirildi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tegishli farmonida aytilmoqda.

Cyentyabr oyining oxiriga qadar chet elliklarga nisbatan ma’muriy ravishda chiqarib yuborish, deportatsiya qilish, vaqtincha qolish muddatini qisqartirish, qochqinlik maqomidan mahrum qilish, vaqtinchalik boshpana berish, ilgari berilgan vizalarni bekor qilish, ishlashga ruxsatnoma va patent berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilinmaydi.

Shunday qilib, o‘tgan yilning 15 martiga qadar Rossiyaga kelgan va 2021 yil 16 iyundan boshlab mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asoslarga ega bo‘lmagan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Rossiya Federatsiyasining Ichki ishlar vazirligining hududiy organlariga 30 sentyabrga qadar murojaat qilishlari shart. Hujjat bilan shuningdek, chet elliklarga agar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar muddati 14 martdan keyin tugagan bo‘lsa, ular asosida o‘z vataniga chiqib ketishga ruxsat beriladi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Rossiya Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy 15 iyunga qadar MDH davlatlarining Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy bo‘lgan barcha fuqarolari mamlakatni tark etishlari kerakligini aytganligi haqida xabar bergan edik. O‘sha paytda, ma’lumotga ko‘ra, 332 ming O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada noqonuniy ravishda bo‘lib turgan.

Sana yaqinlashgan sari, Moskva va Moskva viloyatidagi migratsiya markazlari yaqinida uzoq navbatlar shakllana boshladi. Epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi fonida o‘rnatilgan cheklovlarga qaramay, markazlarning o‘zlari dam olish kunlarisiz kengaytirilgan ish jadvaliga o‘tkazildi.