12 iyun kuni Moskva meri Sergey Sobyanin Rossiya poytaxtida epidemiologik holatning yomonlashgani sababli yangi cheklov choralari joriy etilishini e’lon qildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

15−19 iyun oylik maoshlarni saqlab qolgan holda ishlanmaydigan kunlar deb e’lon qilindi. 13 iyundan 20 iyunga qadar hayvonot bog‘lari, fudkortlar va bolalar uchun o‘yin xonalari faoliyati to‘xtatiladi. Moskvadagi oliygohlarda imtihonlar masofaviy bo‘lib o‘tadi.

Barlar, kafe va tungi klublar ushbu davr mobaynida soat 23:00dan 6:00gacha ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaza olmaydilar va hech kimni qabul qila olmaydilar (buyurtmalarni berish va yetkazib berish xizmatlaridan tashqari).

Moskvaning katta bog‘larida va tabiat hududlarida attraksionlar, bolalar va sport maydonchalari, boshqa obyektlar yopildi. Gorkiy bog‘idagi umumshahar bitiruv tadbiri ham bekor qilindi.

«So‘nggi haftada koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat keskin og‘irlashdi. Yangi qayd etilgan koronavirus bemorlarining soni o‘tgan yilgi eng yuqori ko‘rsatkichlar darajasiga ko‘tarildi, — deb yozdi Sergey Sobyanin o‘z blogida. — Bemorlarning katta oqimini tibbiy yordam bilan ta’minlash uchun biz shahar statsionarlaridagi minglab koykalarni qayta moslashtirishga majburmiz. Eng xavotirlisi: shifokorlar og‘ir ahvoldagi bemorlar ko‘pligini aytmoqda. Va bu faqatgina odatiy xavf guruhidagilar orasida emas. O‘rta yoshdagi kishilar va yoshlar ham kasallikni og‘ir o‘tkazishmoqda. Bu vaziyatga e’tibor bermaslik mumkin emas».

17 iyundan Sankt-Peterburgda ham koronavirus tarqalishi sababli cheklovlar kuchaytiriladi, bu haqda tegishli qarorga gubernator Aleksandr Beglov imzo chekdi.

Kafe va restoranlar soat 2:00dan 6:00gacha hech kimni qabul qilishmaydi va faqatgina o‘zi bilan olib ketish va yetkazib berish uchun ishlaydi. Barcha tomosha va ko‘ngilochar tadbirlari bekor qilinadi, bolalar xonalari va fudkortlar yopiladi, temir yo‘l bekati, aeroport va AYOQSHlardagi fudkortlar bundan mustasno. Yetkazib berish xizmatlari ishlashiga ruxsat beriladi.

Yevro-2020 fan-zonalarida ommaviy ovqatlanish xizmatlari ko‘rsatilmaydi, ichimlik sotishdan tashqari.

Tashkilotlar va individual tadbirkorlarga ish joylarida xodimlarning bo‘lishini vaqtincha kamaytirish tavsiya etildi.

17 iyundan boshlab kinoteatr zallarini to‘ldirish 75%dan 50%gacha tushiriladi. Bino va ochiq havoda o‘tkaziladigan madaniy hamda tomosha tadbirlarida ishtirok etuvchilarning maksimal soni 3000dan oshmasligi belgilandi.

Moskvada bo‘lganidek, Peterburgda ham eng yaxshi bitiruvchilar tadbiri, «Medalistlar bali» bekor qilindi.

Kecha Rossiya poytaxtida COVID-19 bilan kasallanishning 6590 ta yangi holatlari aniqlangan. Sankt-Peterburgda esa kunlik o‘sish 865 ta holatni tashkil etadi.