Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida 10 iyunga o‘tar kechasi hududiy Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, 41 yoshli Azizbek Ahmedov yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olinish paytida vafot etgani haqida xabar berilgan edi (video).

Ichki ishlar vazirligining 11 iyundagi bayonotida Ahmedov YPX xodimlari tomonidan ushlanib, «o‘ta mast holatda bo‘lgani gumon qilinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun taklif qilinganida, fuqaro ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko‘rsata boshlagani, shu vaqt oralig‘ida tibbiy ko‘rikka olib borish uchun transport vositasiga o‘tqazilgan fuqaroning sog‘lig‘i yomonlashib, voqea joyiga tez tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgani, biroq ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, fuqaro A.A. vafot etgani» ta’kidlanadi.

Holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov ustidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

O‘zbekiston Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi mazkur holat bo‘yicha o‘rganish natijalari ma’lumotlarini keng ommaga e’lon qilishini bildirgan. «Holat yuzasidan yakuniy xulosa, tergov jarayonlari o‘z nihoyasiga yetgandan so‘ng ma’lum bo‘ladi», — deyiladi Senat qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovning bayonotida.

Kun.uz va Daryo.uz nashrlarining surishtiruvi

Kun.uz va Daryo.uz nashrlari Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, voqea guvohlari, marhumning kasbdoshlari va yaqinlari bilan uchrashdi.

Kattaqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Akbarali Qulmirzayev. Foto: Kun.uz

Ma’lum qilinishicha, Kattaqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Akbarali Qulmirzayev o‘z o‘rinbosari ishda namunali xodim bo‘lgani, hech qachon sog‘lig‘idan shikoyat qilmagani, hattoki koronavirus bilan kasallanmaganligini aytib o‘tgan. Qulmirzayev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda voqea ish vaqtida sodir bo‘lmagani va boshliq voqea ustida bo‘lmagani sababli, boshqa tafsilotlarni ma’lum qila olmasligi, holat bo‘yicha tergov olib borilayotganini bildirgan.

Marhumning amakisi Isomiddin Jamolov jiyani 20 yildan buyon soliq idoralarida ishlab kelgani, u shu vaqtgacha birorta tabletka ichmagani va hech qachon sog‘lig‘idan shikoyat qilmagan baquvvat yigit bo‘lganini ta’kidlagan.

Azizbek Ahmedovni qo‘lga olishda ishtirok etgan YPX xodimlari. Foto: Kun.uz

Kun.uz voqea guvohlarining so‘zlarini keltirishcha, mazkur voqea 9 iyundan 10 iyunga o‘tar kechasi soat taxminan 12:20 — 12:50larda Kattaqo‘rg‘on tuman markaziga yondosh Kadan shaharchasidagi 4R-243 — Payshanba-Kattaqo‘rg‘on yo‘lining 7-kilometrida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, YPX xodimlari — tuman IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi boshlig‘i, leytenant Mehriddin Qo‘chqorov, katta serjant Shuhrat Xoliqulov, kichik serjant Nodir Ismoilov, kichik serjant Shahboz Rahimberdiyev Azizbek Ahmedov boshqaruvida bo‘lgan 30 B 572 RA raqamli Cobalt avtomashinasini 30 X 577 SA raqamli Spark avtomobilida qisib to‘xtatishadi. Chunki Cobalt svetoforning qizil chirog‘ida chorrahani kesib o‘tgan edi.

Voqeaning ismi sir qolishini so‘ragan guvohlaridan biri «Daryo» muxbiri bilan suhbatda YPX xodimlarining Azizbek Ahmedovni Spark’ga o‘tkazishga kuchi yetmagani, jismonan baquvvat bo‘lgan marhum soliqchi uch nafar YPX xodimini kollej tomonga sudrab kirgazganini aytadi. IIV bayonotida ta’kidlanishicha, bu vaziyatda «o‘ta mast» deb gumon qilingan Ahmedovni YPX xodimlari «tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun taklif qilayotgan» bo‘lgan, biroq fuqaro yo‘l nazoratchilarining Spark`iga o‘tirishga faol qarshilik ko‘rsatgan.

«Cobalt va Spark yonma-yon keldi. Spark`dan uch nafar YPX xodimi tushib, Cobalt egasini mashinadan tushirib oldi. Ular haydovchini Spark`ga tiqaman deganda, u ichkariga kirmay, ularni chetroqqa surib bordi. Keyin amallab Spark`ka tiqishdi. Men bo‘ldi endi, olib ketadi deb, beparvo bo‘ldim. Ozgina vaqt o‘tgach qarasam, Cobalt`ning egasi yerda yotgan ekan», — deydi hodisa guvohi. Uning qo‘shimcha qilishicha, «marhum mast bo‘lgandir, ammo o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q; qo‘yvoringlar, qancha „oklad“ bo‘lsa ham jarimani to‘layman, deya baqirardi».

Sharofiddin Ergashev. Foto: Daryo.uz

Aniqlanishicha, mazkur holat Kadan shaharchasidagi 1-sonli kasb-hunar maktabi (sobiq kollej) ro‘parasida sodir bo‘lgan. Kollej qorovuli Sharofiddin Ergashev «Daryo» muxbiri bilan suhbatda YPX xodimlari marhum Azizbek Ahmedovni Spark`da taxminan 10−15 minut ushlab turganini bildirdi. Uning qayd etishicha, mashina ichida nima bo‘lgani unga eshitilmagan, biroq fuqaro undan hushsiz holda olib chiqilgan (bu YPX xodimlarining bodikamerasidan olingan videoyozuvlarda ham aks etgan). Voqea joyiga chaqirilgan tez yordam brigadasi esa fuqaroning joni uzilib bo‘lganini bildirib, murdani olib ketgan.

«Daryo» tuman tez tibbiy yordam bo‘limi navbatchi shifokori Abbos Ibrohimovning so‘zlarini keltirishicha, Kadandagi kollej oldidan chaqiruv soat 00:39 da kelib tushgan. «Borganimizda bemor yerda yotgan edi. Bemorning qon bosimini, nafas olishini tekshirdik. Ko‘z qorachig‘ini ko‘rganimda u kengaygan ekan. Arterial qon bosimi nolda edi, puls yo‘q ekan. Nafas olmayotgandi. Shunda bemorning o‘lganiga amin bo‘lib, ichki ishlarga aytdik, ular yordam ko‘rsatinglar dedi. Biz yordam bergan bo‘lsak-da, bemor o‘lib bo‘lgan edi», — dedi u.

Ibrohimovning qo‘shimcha qilishicha, u bemorning kimligi va qayerdan kelganini so‘raganida, unga marhumning 5−7 daqiqa avval shu yerga kelganini aytishgan. «Boshqa gapni bilmayman. Mastlik holatiga kelsak, mast bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo men o‘sha vaqtda spirtli ichimlik hidini sezmadim», — deya ta’kidladi tez yordam shifokori.

Soat 1:09 da Azizbek Ahmedovning murdasi tuman tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelingan. Murdani ko‘rikdan o‘tkazgan vrach-terapevt Abdujalol Abdurahimovning so‘zlariga ko‘ra, «ko‘rik paytida tana nisbatan sovigan, o‘lim belgilari bor, hayotiy organlarning birortasi ishlamayotgan edi».

«Ko‘rik davomida o‘ng ko‘z atrofida kichkinagina shilingan joyi („sarapina“) bor edi. Biz bemorning kiyimlarini yechib to‘liq tekshirib ko‘rganimizda, tanasidan hech qanday jarohatlarni ko‘rmadik», — deya ta’kidladi u. Marhumning yaqinlari Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Ahmedovni tinchlantirish uchun unga nisbatan bo‘g‘ish sambo qo‘lkurashi usuli qo‘llanilganini, uning boshini pastga bosishganini, nafas yetishmovchiligidan o‘lim sodir bo‘lganini taxmin qilishadi.

Abdujalol Abdurahimov. Foto: Daryo.uz

«Marhumning qarindoshlari uning jasadida kuch ishlatilganlik izlari borligini ta’kidlashdi. Chunonchi, mayyitni yuvgan qarindoshlar uning ikki qo‘lida barmoq izlari, bo‘ynida va yuzida shilingan jarohatlar borligini aytishdi», — deyiladi Kun.uz surishtiruvida.

IIVning munosabatida bildirishicha, Azizbek Ahmedov xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lgan. Rasmiy izohda 4R-243 yo‘lining 7-kilometriga yetganida haydovchi Cobalt`ni yo‘lning qatnov qismining o‘rtasida to‘xtatib, mashinani tashlab, piyoda qochishga uringani aytiladi.

Kun.uz qo‘lga kiritgan, o‘sha kungi voqeaga oid IIB tezkor xabarnomasiga ko‘ra, Azizbek Ahmedov to‘xtash ishorasi berilganidan so‘ng to‘xtagani, u YPX xodimlaridan o‘ziga azob bermaslikni baqirib so‘raganidan so‘ng ham YPX xodimlari unga nisbatan kuch ishlatishda davom etib, yuzini pastga qaratgan holda mashinaning orqa o‘rindig‘iga bosib turishgani, shundan so‘ng qisqa muddatda o‘lim yuz bergani qayd etilgan.

Voqea yuzasidan tezkor xabarnoma. Foto: Kun.uz

Kun.uz ning keltirishicha, voqea yuz bergan joy bilan tuman tibbiyot birlashmasi oralig‘idagi masofa taxminan 750 metr bo‘lgan. Shunga qaramasdan, YPX xodimlari Azizbek Ahmedovni tuman tibbiyot birlashmasiga o‘zlari olib bormasdan, tez tibbiy yordam kelishini kutgan.

Voqea joyidan TTBgacha bo‘lgan yo‘l sxemasi. Foto: Kun.uz

Marhum Azizbek Ahmedovning amakisi Isomiddin Jamolov «Daryo» muxbiri bilan suhbatda ta’kidlashicha, YPX xodimlari A.A. o‘lib bo‘lgach tez yordamga qo‘ng‘iroq qilgan, mashinadan tushirib tashlagan. «Agar mard bo‘lganida mashinaga solganidan so‘ng, tezroq shifoxonaga olib borardi. Ichgan bo‘lsa jazosini bersin, jarimasini qo‘llasin edi!», — deya qo‘shimcha qiladi marhumning amakisi.

«Agar jiyanimning o‘limi bilan bog‘liq holat adolatli ko‘rilmasa, men jamiyatga ishonmayman. Viloyat prokurori ishni shaxsan o‘zi nazoratga olganini aytdi. Men prokurorning lafziga ishondim… Agar jiyanimning o‘limi bilan bog‘liq holatda adolat qaror topmasa, men bu jamiyatdan noroziman», — deydi u.

Kun.uz`ning qayd etishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni Kadan shaharchasida 4 nafar YPX xodimlari signal chiroqlari bor xizmat mashinasida emas, shaxsiy mashinada patrullik qilayotgan bo‘lgan. Samarqand viloyat IIB axborot xizmati boshlig‘i Jahongir Sa’dullayevning tushuntirishicha, 2021 yilning o‘tgan davri ichida Kattaqo‘rg‘on tumanida jinoyatchilik darajasi oshgan, 14 ta avtohalokat sodir bo‘lgan va ularning 2 tasi o‘lim bilan tugagan. Shu sababli tumanda tungi patrullik kuchaytirilgan. Xodimlarning shaxsiy avtomashinalaridan ham xizmatda foydalanishga ruxsat berilgan.

Kun.uz`ga ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni 4 nafar xodimdan 3 kishining bodikamerasi ishlamagan. Kimnikidir yechib qo‘yilgan bo‘lgan, yana ikkitasining batareyasi o‘tirib qolgan.

Tolbuloqliklardan biri Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ushbu mash’um hodisadan 6 kun muqaddam, 4 iyun kuni ikki nafar YPX xodimi — Shahboz Rahimberdiyev va Shuhrat Xoliqulovlarning jismoniy bosimiga duchor bo‘lganini aytdi.

Qayd etilishicha, o‘sha kuni Kadanda ro‘y bergan voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan guvohlardan biri marhumning yaqinlariga voqea qanday bo‘lganini hikoya qilib bergan.

Uning so‘zlaridan, YPX xodimlari va soliq idorasi xodimlari hech qanday haqoratli so‘zlar ishlatishmagan. Guvoh YPX xodimlari Ahmedovning mashinasini jarima maydonchasiga joylashtirib, o‘zini «Spark» mashinasiga majburlab mindirmoqchi bo‘lishgani, oqibatda haydovchi o‘lib qolganini aytadi. Guvohning so‘zlaridan xulosa qilinsa, «Cobalt» avtomashinasi qisib to‘xtatilganidan boshlab, «tez yordam» mashinasi kelib, soliqchining o‘limini qayd etgungacha 40−45 daqiqa vaqt o‘tgan.

Kun.uz ning ma’lum qilishicha, Azizbekning otasi 48 yoshida avtohalokat tufayli olamdan o‘tgan ekan. Onasi 10 ta yetim farzandni o‘zi katta qilib, oyoqqa turg‘izgan. Azizbekning bir singlisi ham 2011 yilda erta olamdan o‘tgan. Singlining ikki nafar farzandi ham uning qaramog‘ida bo‘lgan. Marhumning voyaga yetmagan 2 nafar farzandi — o‘g‘li va qizi ham bor.

Foto: Daryo.uz

«Mening bolam tilla bola edi… Nima uchun mening shunday bolamni azoblab o‘ldirishdi? Nega azob berdi? Gunohi bo‘lsa aytsin edi… Nima uchun azob bergan? YPX xodimlari nega bolamga azob berib o‘ldiradi? Qonuniy ish ko‘rmasa, rozi emasman», — deya marhum Azizbek Ahmedovning onasi Muhabbat opaning so‘zlarini keltiradi «Daryo».

IIV 13 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘on tumanida YPX inspektorlarining faoliyati jarayonida fuqaro vafot etganligi borasida yolg‘on yoki noxolis axborot tarqalishini oldini olish maqsadida munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, IIV ushbu voqea bo‘yicha yolg‘on, noxolis axborot tarqatganlar javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.