Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistondagi zo‘ravonlikka qarshi Nemolchi.uz loyihasiga mamlakatda qiynoqqa solish, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq moddalar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyatlar soni to‘g‘risidagi ma’lumotni berishdan bosh tortdi. Bu haqda Nemolchi.uz Telegram kanalining bosh muharriri Irina Matviyenko ma’lum qildi.

Statistika Nemolchi.uz resurslariga tahliliy materiallar tayyorlash, shuningdek, Irina Matviyenkoning o‘zi ham a’zosi bo‘lgan Bosh prokuratura huzuridagi oiladagi zo‘ravonliklarga qarshi kurashish bo‘yicha ishchi guruhning tadqiqotlari doirasida so‘ralgan.

Loyiha bosh muharriri 2016−2020 yillar davomida Jinoyat kodeksining quyidagi moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishlar statistikasini so‘ragan:

  • 103-modda (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish);
  • 103−1-modda (o‘zini o‘zi o‘ldirishga undash);
  • 105-modda 1-qism (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish);
  • 109-modda (qasddan badanga yengil shikast yetkazish);
  • 110-modda 1-qism (qiynash);
  • 112-modda (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish);
  • 118-modda 1-qism (nomusga tegish);
  • 119-modda 1-qism (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish);
  • 121-modda 1-qism (ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish);
  • 136-modda (ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish);
  • 139-modda 1 va 2-qismlari (tuhmat, jumladan, OAV, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish);
  • 140-modda 1 va 2-qismlari (haqorat qilish, jumladan, OAV, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish);
  • 141−1 modda 1-qism (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish).

Shu bilan birga, loyiha bosh muharriri qo‘zg‘atilgan ishlarning qanchasi oxiriga yetkazilgani, qanchasi tomonlarning yarashtiruvi bo‘yicha yopilganiga oid ma’lumot taqdim etilishini ham so‘ragan.

Ichki ishlar vazirining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Shohrux G‘iyosov tomonidan imzolangan javob xatida: ““Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi qonunning 6 va 8-moddalariga ko‘ra, siz so‘ragan ma’lumotlarni taqdim etishni maqsadga muvofiq emas deb hisoblaymiz”, — deya qayd etilgan.

Yuqoridagi qonunning 6-moddasida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanish, agar mazkur axborot qonunda belgilangan tartibda davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar jumlasiga kiritilgan bo‘lsa, cheklab qo‘yilishi; Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi foydalanilishi cheklab qo‘yilgan axborotga taalluqli ma’lumotlarning ro‘yxati, shuningdek, ma’lumotlarni bunday axborot jumlasiga kiritish tartibi qonun hujjatlarida belgilanishi” ko‘rsatilgan.

“Menda hech qanday izoh yo‘q. Ishtiyoqim ham qolmadi. O‘zbekistonda yuqoridagi kimgadir so‘z erkinligi va hokimiyat organlarining xalq oldidagi hisobdorligi kerak ekanligiga ishonmayman. Prezident almashganidan keyin to‘rt yil o‘tdi, OAV esa hamon shu kabi quruq rasmiy javoblarni olmoqda”, — deya yozdi loyiha bosh muharriri.

Keyinroq, Irina Matviyenko ushbu ma’lumotlarni nima sababdan so‘raganiga tushuntirish berdi. Jinoyat kodeksining yuqoridagi ba’zi moddalariga binoan ish faqat shaxsiy, ya’ni jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra qo‘zg‘atilishi mumkin. Jabrlanuvchi o‘z huquqlarini himoya qilishga layoqatli emasligi kabi istisno holatlarida prokuror jinoyat ishini mustaqil o‘zi qo‘zg‘atishga majbur. Bundan tashqari, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan ushbu moddalarda yarashuv orqali jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi ham ko‘zda tutilgan.

Irina Matviyenko ayollarga nisbatan jinoyat ishlari jabrlanuvchining arizasi asosida qo‘zg‘atilsa va keyinchalik tomonlar yarashuvi bilan yopilsa, nimalar sodir bo‘lishini so‘zlab berdi:

  • jinoyatchi jabrlanuvchida arizani qaytarib olish yoki uni umuman bermaslik imkoniyati borligini biladi. Jinoyatchi zo‘ravonlikni javobgarlikdan qutulib qolish mumkin bo‘lgan hayotning normal tarzi, deya qabul qiladi.
  • tajovuzkor, yaqinlari yoki stereotiplar ta’siridagi bosim ostida qolgan qurbon ariza yozmaydi yoki uni qaytarib oladi. Qurbon zo‘ravonlikni ko‘nikishi kerak bo‘lgan normal holat deb qabul qiladi.
  • guvohlar jabrlanuvchi arizasini qaytarib olishi yoki ularni o‘zganing hayotiga aralashishda ayblashi mumkinligini tushungan holda jim turadi. Guvohlar zo‘ravonlikni ayrim insonlarning ongli tanlovi deb qabul qiladi.
  • uchastka inspektorlari ikki kundan keyin jabrlanuvchi arizasini qaytarib olishi mumkinligini tushungan holda ishni ochishni “cho‘zadi”. Uchastka inspektorlari zo‘ravonlikni oilalarda mavjud normal hayot tarzi sifatida qabul qiladi.

“Ushbu yondashuv ayollarga nisbatan zo‘ravonlik borasidagi bag‘rikenglikni kuchaytiradi, bu odatiy hayot tarziga aylanadi. Zo‘ravonlikka toqat qilmaydigan muhitni yaratish uchun qonunchilikdan zo‘ravonlikni odatiy hol sifatida qabul qilishga bilvosita yo‘l qo‘yadigan mexanizmlarni olib tashlash kerak”, — deya qayd etdi Nemolchi.uz bosh muharriri.