5 iyun kuni Andijon viloyati Andijon tumanida «Gaz-5327» yuk mashinasi va ikki yengil avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston IIV YHXBB matbuot xizmati xabar qildi.

Hodisa soat 19:00 larda Zavroq MFY hududidan o‘tgan avtomobil yo‘lida sodir bo‘ldi. Haydovchi U.Z. harakatlanayotib boshqaruvni yo‘qotgan va Pemco nomli avtomashinalarni ta’mirlash ustaxonasi oldi tomonida to‘xtab turgan Matiz va hamda Spark avtomobillari bilan to‘qnashuv sodir etgan.

Natijada, hodisa joyida bo‘lgan fuqarolar N.Q., O.Z., X.E., A.M. va voyaga yetmagan M.I.ga turli darajadagi tan jarohati yetgan.

Yuk avtomobil haydovchisi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganda mastlik holati tasdiqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Andijon tumani IIB huzuridagi TB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.