5 iyun kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati.

Tomonlar prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga bo‘lajak tashrifi davomida imzolanishi rejalashtirilgan ikki tomonlama hujjatlar va hukumatlararo bitimlarni ishlab chiqishning borishini muhokama qildilar. (Aziya-plyus ma’lumotlariga ko‘ra 10−12 iyun kunlari).

Bundan tashqari madaniyat, san’at, fan arboblari, shuningdek, ikki mamlakat yoshlarining O‘zbekiston va Tojikiston hududlariga o‘zaro safarlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Ikki davlatning Toshkent, Samarqand, Termiz, Dushanbe, Xo‘jand, Penjikent va boshqa yirik shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovini qayta tiklash istiqbollari muhokama qilindi.

«Ipak yo‘li» sayyohlik brendini ilgari surish va «ziyorat — turizm»ni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ish olib borish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida avtobus qatnovi, 26 yillik tanaffusdan so‘ng 2018 yil 15 mayda qayta tiklangan edi. Ammo 2020 yil 16 martdan boshlab koronavirus pandemiyasi tufayli O‘zbekiston boshqa mamlakatlar bilan avtomobil aloqalarini chekladi va 1 sentyabrdan boshlab cheklovlarni bosqichma-bosqich olib tashlay boshladi.