Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va qishloq aholisining turmush darajasini yaxshilash uchun davlat byudjetiga 11 mln yevro ajratdi. Bu haqda Yeining O‘zbekistondagi delegatsiyachi matbuot xizmati xabar qildi.

Bu 2020 yilning birinchi choragidan boshlab o‘tkazilgan uchinchi mablag‘ o‘tkazmasidir, deyiladi xabarda. Natijada Yeining mamlakat byudjetiga ajratilgan grant ko‘magining umumiy miqdori 32 mln yevroni tashkil etdi.

«Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va to‘qimachilik kabi sohalarning bandlikni ta’minlashdagi salohiyati juda yuqori», — dedi Yevroittifoqning O‘zbekistondagi elchisi Sharlott Adrian. U bozorlarga chiqish hamda ishlab chiqaruvchilarning katta qismini tashkil etuvchi kichik fermerlar raqobatbardoshligini oshirishga ko‘proq e’tibor qaratish lozimligini qo‘shimcha qildi.

YeI agrooziq-ovqat sektorini «ekologik toza» va «aqlli» rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan yangi tashabbusni ham ilgari surdi. Mazkur tashabbus Yevroittifoq, unga a’zo davlatlar hamda rivojlanish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan Yevropa investitsiya banki (YeIB), Fransiya rivojlanish agentligi (FRA), Germaniya rivojlanish banki (KfW), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) kabi Yevropa moliyalashtirish institutlarining muvofiqlashgan holda ishtirokini kuchaytiradi, deyiladi xabarda.