O‘zbekiston davlat simfonik orkestri dirijeri va badiiy rahbari, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori Kamoliddin Urinbayev “Gazeta.uz"ga bergan intervyusining ikkinchi qismida dirijerlik sohasiga qanday kirib kelganligi, san’atda iste’dod va mehnatning muhimligi, iqtidorli yoshlarni aniqlash va musiqa sohasini rivojlantirishga kim hissa qo‘shishi kerakligi haqida so‘zlab beradi.

“Agar soham menga xursandchilik olib kelmasa, demak bu mening soham emas”

Bir odam bor ekan. Oilasida notinchlik, nosog‘lom muhit hukm surar ekan. O‘z kasbini, sohasini ham yomon ko‘rar ekan, ishi unga xursandchilik olib kelmas ekan. Unda hayotni davom ettirishdan hech qanday manfaat yoki biror maqsad yo‘q ekan. U hayotida hech bo‘lmasa bittagina yorqin nuqta bo‘lishi uchun oyoq kiyimini bir o‘lcham kichkina kiyib yurarkan. Har kuni uyiga kelib, oyoq kiyimini yechganda, o‘sha soniya unga ulkan baxt, xursandchilik olib kelar ekan.

Ushbu hikoya meni hayot tarzimni to‘g‘ri yo‘lga solishga, unga to‘g‘ri nigoh bilan qarashga undaydi. Agar soham menga xursandchilik, mazmun olib kelmasa, demak bu mening soham emas, men bu yerga adashib kirib qolganman. Bu mening hayot yo‘lim emas.

Aytishadiki, musiqa sohasini tanlamoqchi bo‘lsang, faqat zo‘ri bo‘lishing kerak. O‘rtahol, yomon musiqachi hech qachon yaxshi natijalarga erisholmaydi. Xalqning, muxlislarning olqishini ololmaydi.

Ko‘p joylarda mendan so‘rashadi: “Kamoliddin, mana sen musiqachisan, sahnalarga chiqasan, dunyoni kezasan — farzandlaringni ham shunaqa bo‘lishini xohlaysanmi?”, deb. Avvalo, buni farzandimning o‘zi belgilashi kerak. Bu sohaning mashaqqatini, qiyinchiligini birinchidan ularga ravo ko‘rmagan bo‘lardim. Lekin, agar farzandim shu sohada yetuk iqtidor egasi bo‘lsa, agar uning shu yo‘nalishda birinchilardan bo‘lishiga ko‘zim yetsagina, unga shu sohani egallagin deb maslahat bergan bo‘lardim.

“Dirijerlikka mutlaqo qiziqishim bo‘lmagan”

Gliyer nomidagi maxsus musiqa maktabida g‘ijjak cholg‘usini chalishga o‘qiganman. Shuningdek, fortepyanoni ham chalishni o‘rganganmiz.

2003 yil O‘zbekiston davlat konservatoriyasi xalq cholg‘ulari bo‘limiga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirganimda mutaxassislikdan tashqari majburiy fanlar doirasida dirijerlikdan ham imtihon bor edi. Maktabda qiziqish bo‘lmaganligi uchun xohlab-xohlamasdan dirijerlik fanini ham o‘qiganmiz.

Konservatoriyaga o‘qishga kirishga ishtiyoqim baland edi. Qiyin asarni tayyorlab, o‘zimni ko‘rsatmoqchi edim. O‘shanda Prokofevning “Uchta apelsinga muhabbat” asarini dirijerlik qilganman, u juda murakkab asar.

Imtihon komissiyasida O‘zbekiston san’at arbobi, professor, “So‘g‘diyona” xalq cholg‘ulari davlat orkestrining badiiy rahbari, dirijeri Feruza Abdurahimova ham o‘tirganlar. Imtihondan keyin Feruza Ravshanovna meni oldilariga chaqirib: “Bolam dirijerlikka qiziqasizmi? Nega aynan shu asarni tanladingiz”, deb so‘raganlar.

Tushunib turibman-ku nimaga so‘ralayotganligini. “Men juda ham dirijerlikni yaxshi ko‘raman. Sizga o‘xshagan dirijer bo‘lishni orzu qilaman”, deb javob berganman. Bunday deyishimning asl sababi imtihon komissiyasining raisi Feruza Abdurahimova edilar. Ularga yoqishga juda ham harakat qilganman, garchand dirijerlikka mutlaqo qiziqishim bo‘lmagan bo‘lsa-da.

Agar “Men dirijerlikka qiziqaman, dirijerlik hayotimning mazmuni” desam balki menga boshqacha qarab, bahoimni ko‘tarib berishadi degan niyatda ozgina ayyorlik bo‘lganligini ham tan olaman. Keyinchalik buni Feruza opa bilan ham kulib eslaganmiz.

Mana shu uchrashuv hayotimda tarixiy uchrashuv bo‘lgan. Hayotimda tubdan burilish yasagan aynan mana shu imtihon jarayonlari.

“O'zim bilib-bilmay, xohlamay va keyinchalik cheksiz muhabbat bilan dirijerlikka kirib kelganman”

Imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, konservatoriya talabasi bo‘ldim. Garchi qiziqishim bo‘lmasa ham, o‘qituvchim o‘zining katta tajribasi evaziga mening xatti-harakatlarimda dirijerlik qobiliyatini seza bilgan, ko‘ra bilgan.

Feruza opa “Uning qalbining tub-tubida mana shu sohaga muhabbat bor, mana shu sohani balki o‘zi tushunmasa ham mutaxassisi bo‘lishi mumkin” degan fikr bilan meni o‘zlarining sinflariga olgan. Hamma talabalar ham xohlaydi-ku eng yaxshi professor-o‘qituvchiga shogird tushishni. Sekin-asta o‘zim bilmagan holda dirijerlikka muhabbatim oshdi.

Feruza opa bilan shug‘ullanib, sinfda har xil dasturlarni tayyorlardik. Boshqalarga nisbatan menga og‘irroq, qiyinroq vazifalarni berardilar.

Konservatoriyada katta talabalar orkestri bor. U soha mutaxassislarini shakllantirish uchun asosiy fanlardan biri hisoblanadi. O‘sha orkestrning rahbari Feruza opa edilar. Ikkinchi bosqichda o‘qiyotgan paytim biz Petr Ilich Chaykovskiyning “Oqqushlar” baletini tayyorlayotgan edik, partyuralarini o‘rganib, liberettosini o‘qib.

Bir kun orkestr mashg‘uloti bo‘lyapti, Feruza opa meni oldilariga chaqirib: “Kamoliddin, meni rektor chaqiryapti. Hozir siz pultga turasiz, tayyorlayotgan „Oqqushlar“ baletining rus raqsini dirijerlik qilasiz. Qo‘rqmang, o‘rgatgan narsalarimizning hammasini qiling”, deb chiqib ketdilar.

Endi tasavvur qiling, Konservatoriyaning katta zalida mashg‘ulot olib borayotgan yuz kishilik orkestrda katta kurslar, bitiruvchi kurslar, mana man degan musiqachi sozandalar, xalqaro ko‘rik tanlovlar g‘oliblari o‘tirishibdi. Ularning oldiga bir kichkina talaba chiqib, dirijerlik qildi.


Dirijer nafaqat tayoqchani qo‘lga olib, silkitadi, balki u asarning butun jarayonini shakllantirib, olib borishi kerak, u boshqaruvchi.

Feruza opa chiqib ketishlari bilan men shartta o‘zimni qo‘lga oldim. Jarayonni boshqarishga, kimnidir yo‘naltirishga bo‘lgan juda katta qiziqishim jo‘sh urib ketdi. Bu dars ekanligi, har 45 daqiqada tanaffus berilishi esimdan chiqib ketdi. Shu darajada shiddat bilan kirishib ketibman-ki, qancha vaqt o‘tdi, jarayon qanday o‘tdi bilmay qoldim.

Umuman boshqa joyda edim o‘sha paytda. Hayolimda oldimda juda katta 200−300 kishilik orkestr, men juda katta sahnadaman, katta dirijerman, konsert bo‘lyapti.

Keyin Feruza opa kirib keldilar. Men talabalarga “Repititsiya tugadi” deyishim bilan, ular g‘ijjak chaladigan smichogi yoki rubob chaladigan mediatorlari bilan oldida turgan pepiterga urishni boshlashdi. Musiqachilarning sahnada sozi bo‘lsa, hech qachon qarsak chalmaydi. Ular qo‘lidagi smichogini oldida turgan pepiterga (nota turadigan ustun) urishadi, bu qarsak degani. Tugatdim, “Mashg‘ulot uchun katta rahmat sizlarga”, deyishimni bilaman, o‘sha jarayonda qarsaklar boshlanib ketdi.

O‘sha paytda Feruza opa aytdilar: “Men hech qayerga chiqib ketganim yo‘q edi. Orkestrni boshqarayotganimda meni qaysi rektor yoki rektorat chaqirishi mumkin? Oldingizda turib jarayonni kuzatishim boshqa masala, lekin men yo‘qligimda o‘zingizni qanday tuta olasiz, qanaqa gaplasha olasiz, jarayonni qay darajada boshqara olasiz, o‘zingizni qo‘lga olasizmi yoki olmaysizmi? Shularni ko‘rish uchun, sizni kuzatish uchun chiqib ketaman dedim”.

Men o‘sha soniyada nima bilan shug‘ullanashimni tushunib yetdim, hayotimning mazmunini, o‘zligimni topdim. Feruza opa ham o‘shanda: “Mana endi men Kamoliddinga ishonsam bo‘ladi, u mana shu sohaning mutaxassisi bo‘lishi kerak”, deb aytgan ekanlar.

Mana shu tarzda, o‘zim bilib-bilmay, vaqti kelsa xohlamay va keyinchalik cheksiz muhabbat bilan dirijerlikka kirib kelganman.

— Musiqa olamida muvaffaqiyatga erishishda eng muhimi истеъдодми yoki mehnatmi?

— Bugun pedagogik faoliyatni ham olib borayapman, dars berayapman. Agar sizga faqat iste’dod muhim desam, bu yolg‘on bo‘ladi, agar faqat mehnat desam, bu ham yolg‘on bo‘ladi. Musiqa sohasida iste’dod bilan mehnatning uzviyligi natija beradi.

Hattoki shunaqa tushunchalar bor: 99% mehnat va 1% iste’dod. Bu natija bermagan. Balki ayni damda bunday yondashuv qo‘yilgan vazifani bajarishga yordam berar. Agar biz hayotini musiqa bilan bog‘lagan odamni nazarda tutsak, albatta iste’dod juda katta ahamiyatni kasb etadi.

XX asrning eng buyuk skripkachilaridan biri David Oystrax “Mehnat qilmagan musiqachi, sozanda o‘zining professional ko‘nikmalarini yo‘qotadi” deb bejizga aytmagan.

Albatta o‘sha texnik vositalarning qo‘limizda turishi uchun mehnat qilish kerak. Sozanda bo‘lamizmi yoki ovozimizni ustida ishlash bo‘ladimi. Vokalistlar ham har kuni ertalab turib yarim soat, bir soat, ikki soat ovozini sozlaydi. Agar taktil ko‘nikmalarimizni biz har doim harakatda ushlab turmasak, ularni yo‘qotib qo‘yishimiz tayin. Agar mehnat qilmasangiz, faqat iqtidoringiz yordam berolmaydi. Yoki faqat mehnat qilib, iqtidoringiz bo‘lmasa, bunda ham ijobiy natijaga erisholmaysiz.

Pedagog sifatida aytishim mumkin, iqtidorsiz inson bo‘lmaydi. Iqtidorni kuchaytirish, ko‘rsata bilish, rivojlantirishda o‘qituvchining juda katta vazifasi, mehnati turibdi. Lekin iqtidor hamma odamda har xil narsada ko‘rinishi mumkin.

Mening ikki nafar farzandim bor, bir o‘g‘il, bir qizim. O‘g‘limni bolalar spektakllariga, soddaroq balet yoki operaga olib borishga, musiqa, raqs va teatrga qiziqishini uyg‘otishga harakat qilaman, lekin qiziqishi yo‘q.

Qizim esa har ertalab turib ayasidan musiqiy multfilmlarni qo‘yib berishni so‘raydi. Yoki o‘zi yaxshi ko‘rgan musiqalari bor, Chaykovskiyning “Qarsildoq” baletidan ba’zi qismlari eng yaxshi ko‘rganlaridan biri, pleylistimizga qo‘yganmiz qizim tursa albatta shuni so‘raydi deb. Kechasi o‘g‘lim ertak aytib berishimizni so‘raydi. Qizim bo‘lsa alla aytib berishimizni deydi. U allaga emas, uning ohangiga, uning ashula qilib aytib berilishiga qiziqadi.

Bir ota-onaning farzandi. Lekin ikkalovining qiziqishi, iqtidori har xil narsaga yo‘naltirilgan. O‘g‘lim balki bir ilm, texnika yoki aniq fanlar yo‘nalishidan ketsa, qizim ijod bilan bog‘liq sohaning vakili bo‘lsa kerak, deb hozirdan o‘ylayman.

Iqtidorsiz albatta odam bo‘lmaydi, lekin mana shu sohaga musiqa san’atiga adashib kirib qolgan nomutaxassislar bo‘ladi. Balki ulardan ajoyib injener, matematik yoki zo‘r oshpaz, modeler chiqqan bo‘lardi, lekin musiqachi emas. Uning iqtidori balki boshqa joyda namoyon bo‘lgan bo‘lardi.

Men shuning uchun tanishlarimga: “Mana Kamoliddin shu narsaga erishdi, bu seni farzanding, ukang, qarindoshing ham shu narsaga erishadi degani emas. Balki boshqa sohada Kamoliddindan ming karra yuqoriroq natijalarga erishar. Sen uning hayotiga to‘siq bo‘lmagin, kelajagiga zomin bo‘lmagin” deb maslahat beraman.

Ham iste’dod, ham mehnat, mana o‘shanda yaxshi natija bo‘ladi.

— Musiqada professional ta’lim olmasdan muvaffaqiyatga erishish mumkinmi?

— Agar siz professional tarzda shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz, albatta, ta’limning hamma bosqichlarini o‘tish shart. Lekin istisnolar ham bo‘ladi.

Postsovet davlatlarida musiqa sohasidagi teatrlarning eng nomdorlaridan, obro‘lilaridan biri — bu Moskvadagi “Bolshoy teatr”. Butun dunyoda “Bolshoy” desa, Amerika bo‘ladimi, Xitoymi, Yaponiyami darrov o‘sha Moskvadagi teatrni tushunishadi. Sovet davridagi uning primasi, ya’ni birinchi opera xonandasi Galina Vishnevskaya musiqiy ta’lim olmagan. Bunaqa istisnolar milliondan bir, milliarddan bir bo‘lar. Lekin professional musiqachi shakllanishida bosqichma-bosqich ta’lim bo‘lishi shart.

Shunchaki kishining dunyoqarashi uchun, uni shaxs sifatida, ma’naviy kamol topgan inson sifatida rivojlanishi uchun balki professional ta’lim olishning ehtiyoji yo‘qdir, men buni maslahat ham bermayman. Chunki, maxsus musiqa maktablari, litsey, kollej yoki oliygoh bo‘ladimi, bu yerda o‘qishning asosiy qismi, aynan dominantasi musiqa sohasidagi tor doiradagi fanlar va yo‘nalishlarga qaratilgan bo‘ladi. Bizda umumta’lim fanlarining foizi ancha kam: quyi tizimda ham, oliy ta’limda ham.

Musiqa bilan shug‘ullangan odamlarning fikrlashi ham, dunyoqarashi ham, hayotga bo‘lgan munosabati ham o‘zgacha, ijodiy va ijobiy bo‘ladi. Hayotga ijobiy nigoh bilan qarash, optimist bo‘lishimiz bizga juda muhim omillardan biri deb o‘ylayman. San’at bilan shug‘ullanish juda yaxshi natijalarga olib keladi.

Juda ko‘p xorijiy safarlarga borganimizda, Londonda bo‘ladimi, Berlinda bo‘ladimi, o‘zi mutlaqo boshqa soha vakili bo‘lsa ham operalar, balet, umuman madaniyat va san’at to‘g‘risida keng bilim va dunyoqarashga ega yoshlar bilan suhbatlashib, juda ham maza kilaman.

Men ulardan “Musiqa ta’lim dargohini bitirganmisan?”, deb so‘rayman. Ular esa “Yo‘q, bizda bu odatiy hol, kichkinaligimizdan bizga mana shunday har tomonlama bilimlar singdiriladi”, deb javob berishadi.

Biz Yaponiya ta’lim tizimini dunyodagi eng yaxshi ta’lim tizimlaridan biri deb tan olamiz, butun dunyo tan oladi. U yerdagi umumta’lim maktablarida Konservatoriyani bitirgan professional mutaxassislar jalb qilingan holda dars o‘tiladi. Yakuniy nazoratlarda hattoki musiqa fanidan imtihon qo‘yiladi. O‘quvchilar xuddi professionallardek o‘zlashtiradi.

Kitobxonlik, o‘qish, savodxonlik, ma’naviyat-ma'rifat deymiz — ma’naviyat va ma’rifatga nima kiradi? Mana shu barcha jabhalarning birlashuvi kiradi. Ma’naviyatli inson, bilimli inson — mana shu narsalarni o‘zlashtirgan odam. Mana shu sohalardagi bazaviy tushunchalarga va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan odamgina ma’naviyatli-ma'rifatli bo‘la oladi. Bu borada ishlar qilinyapti, muayyan o‘zgarishlar ham bor.

Kichkinaligimizda uyimizdagi devorda doira bilan dutor osig‘liq turardi. Mana shu-ku ma’naviyat va ma’rifat. Mana shundan boshlanadi-ku. Hozir biron joyga borsam ko‘rmayman, osig‘liq rubobni, osig‘liq dutorni. 3−4 yoshdagi bolada mana shu tushunchalar shakllanib borsa, qanday zo‘r bo‘ladi.

G‘arbda cherkovlardagi xorlarida kelib tengma-teng kuylashadi, nota bilishadi, musiqiy savodxonligi bor, bolaligidanoq bu narsa shakllanib boradi.

Yurtimizning har bir qarichi, har bir go‘shasi iste’dodlarga boy, iqtidorli yigit-qizlarimiz bor. Mana shu narsalarni biz kengroq targ‘ib qilib, kengroq yoysak, qo‘yilayotgan vazifalarning natijadorligi oshadi deb o‘ylayman.

Iqtidorli yoshlarni aniqlash birinchi o‘rinda soha mutaxassislarining vazifasi”

Iqtidorlarni aniqlash, o‘rganish bu juda katta hajmdagi ish, bu juda muhim vazifalardan biri deb o‘ylayman. Bu yerda nafaqat musiqa maktablari, balki umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tizimining ham juda katta roli bor.

Prezidentimiz Namanganga tashriflarida: “Har bir yigit, har bir qiz bittadan musiqa cholg‘usini chalishni o‘rgansin, kerak bo‘lsa attestatsiyaga kirgizinglar”, deb aytdilar. Pilot sifatida Namangan tajribasini ko‘rsatinglar dedilar. Agar bu natija bersa, butun respublikada tadbiq qilish kerak.

Iqtidorlarni aniqlash bo‘yicha televizion loyihalar, xususiy kanallarda bo‘layotgan iqtidorlarni tanlash tanlovlari va festivallarni misol qilib keltirishim mumkin. Lekin bu O‘zbekiston uchun, qariyb 35 million aholisi bor respublika uchun hech narsa emas.

Buni shunchaki xalq ta’limi vazirligi, maktabgacha ta’lim vazirligiga ag‘darib qo‘yish oson, bu aslida biz, sohaning ayni mutaxassislari qilishi kerak bo‘lgan narsalar.

Toshkent shahridagi 411 ta maktabda musiqa fanining o‘tilishi, uning metodologiyasi, mazmun-mohiyati, darsliklarning uzviyligi, 1−4 sinflar darsliklarining qay darajada to‘g‘ri tuzilganligini tahlil qilyapmiz.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi ham soha mutaxassislaridan ishchi guruh tashkil qildi. Kompozitorlarimiz, umumta’lim maktablarga darsliklarni yozayotgan pedagoglarimiz jalb qilinib, juda katta tahliliy ishlar olib borilyapti. Biz bir oy ichida seminar o‘tkazib, tahlil qilib, bu yaxshi, bu yomon deyishdan yiroqmiz, shuning uchun chuqurroq o‘rganayapmiz. Yaponiya tajribasini o‘rganish uchun u yerdan umumta’lim maktablarida musiqa yo‘nalishida dars berayotgan pedagoglarni jalb qilayapmiz.

Shuningdek, televizion loyihalarning sonini ko‘paytiramiz, Ma’naviyat-ma'rifat kanali bilan iqtidorlarni kashf qilishga yo‘naltirilgan loyiha tayyorlamoqchimiz.

Hozir nafaqat markazda, balki hududlarda ham klassik san’atga, musiqaga qiziqishni orttirish uchun musiqa maktablari, to‘garaklari yoki Madaniyat markazlari bilan chegaralanib qolmasdan, festival va tanlovlar o‘tkazilmoqda, ular jamoa tashkil etish bo‘yicha ham natija beryapti.

Masalan, “So‘g‘diyona” xalq cholg‘ulari orkestri tashabbusi bilan Madaniyat ishlari vazirligi hamkorligida, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi bilan birgalikda Feruza Abdurahimova boshchiliklarida “Navro‘z sadolari” xalq cholg‘ulari ko‘p ovozli ansambl va orkestrlar festivali uyushtiriladi. Bitta festival orqasidan joylarda ansambl, orkestrlar tashkil topib, bu ansambllar chet ellarga borib tanlovlarda g‘olib bo‘lib kelishyapti.

Yana bir misol, Qashqadaryo va Andijon viloyatida mana shu festivallarda o‘zlarining tashabbuslari bilan chiqqan mutaxassislar va sozandalar ansambli bugungi kunda viloyat madaniyat boshqarmasi yoki hokimlik qoshida oylik oladigan shtatga ega bo‘lgan jamoa sifatida shakllandi.

Tarixni, ertangi kunni shaxslar belgilaydi, mana bitta odam qilgan tashabbusning orqasidan yuzlab, minglab odamlar ishli bo‘lyapti, hayotida mazmun topyati, yoshlar bo‘sh vaqtini unumli tashkillashtiryapti. Mana shunaqa mahalliy, kichik joylarda ham kichik loyihalarni amalga oshirsak, ko‘proq iste’dodlarni kashf qilamiz.

Yaqinda o‘zim Andijon viloyatiga borib keldim. Viloyat hokimiyati tashabbus bilan chiqdi, men O‘zbekiston davlat konservatoriyasi albatta yordam berishini, hamkor bo‘lishini aytdim. Viloyatlar miqyosida Andijonda birinchi bo‘lib simfonik orkestr tashkil etildi.

Viloyatlarda, joylarda bo‘layotgan tashabbuslardan ruhlanib boshqa viloyatlarni ham, yoshlarni ham chaqirib qolgan bo‘lardim. O‘zingizga ishoning, agar qilayotgan ishlaringiz to‘g‘riligiga ishonsangiz, juda katta ishlarni amalga oshirsa bo‘ladi. Bu shunchaki balandparvoz gap emas, o‘zim guvohi bo‘lganligim uchun aytyapman. Tashabbus bilan chiqing, joylardagi hokimlar ham mutasaddilar ham yordam beradi.

Bugun g‘oya kerak. Bugun yangilik kerak. Yangi O‘zbekiston deyapmiz. Yangi O‘zbekiston bu binolarning peshtoqiga yoki ro‘znomalarning tepasiga yozib qo‘yadigan lozung emasku. Yangi O‘zbekiston — bu men, bu siz. Yangi O‘zbekiston — bu hammamiz. Yangi O‘zbekiston — bu bugun bo‘layotgan o‘zgarishlar. Agar o‘zgarishlar bo‘lmasa, o‘zimiz qilmasak, u shunchaki lozung bo‘lib qoladi. Joylarda tashkil topayotgan orkestrlar, ansambllar, yangi kashf qilinayotgan xonandalar, sozandalar — bular yangi O‘zbekiston. Shuning uchun faqat ishonch kerak. “Bo‘lmaydi”, “qilisholmaydi”, “pul bermaydi”, “e'tibor bermaydi” desa, albatta shunaqa bo‘ladi. E’tibor ham bermaydi, pul ham, ish ham topolmaysiz.

Agar ishonsangiz, bo‘ladi, “qila olaman” desangiz bu albatta amalga oshadi.

Yoshlar simfonik orkestridaн Davlat simfonik orkestrigacha…

2014 yil men Moskva davlat konservatoriyasini bitirib kelganimda bir qancha hamfikrlar bitta loyiha atrofida yig‘ildik. Betxovenning “Fidelo” degan yagona operasi bor. O‘sha operani qo‘yamiz degan tashabbus bilan chiqdik va loyiha uchun mablag‘ topdik. Rejissyor Georgiy Dmitriyev bilan birgalikda bir qator xonanda va sozandalar Rus drama teatrida spektaklning premerasini, O‘zbekistondagi birinchi ijrosini amalga oshirdik. Juda ham katta muvaffaqiyat bilan o‘tdi, anshlag bo‘ldi, soha mutaxassislarining ijobiy retsenziyalarini oldi bu spektakl.

Shundan keyin katta loyihalarni amalga oshira olishimizga ishonch paydo bo‘ldi. Bu orkestr yig‘ma orkestr edi, uni tarqatmasdan bir nechta konsert berdik. Bir qancha muddatdan keyin orkestrni o‘sha paytdagi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati o‘zining qaramog‘iga olib, moliyalashtirdi. Shundan keyin 7 yil davomida O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestri sifatida faoliyat olib bordik.

O‘tgan yetti yil mobaynida biz juda ham ko‘plab xalqaro tadbirlarda qatnashdik, respublikamizning eng katta tadbirlarida doimiy ishtirokchiga aylandik, dunyoning ko‘plab davlatlarida gastrol safarlarida bo‘lib qaytdik. “Mana man” degan dunyoning katta sahnalarida, Yevropa davlatlarida “stoyaiy avatsiya” (turib qarsak chalishlariga) sazovor bo‘ldik.

Sekin-asta o‘z ustimizda ishlab, 2020 yilda MDH davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib Berlinda bo‘lib o‘tadigan Butunjahon yoshlar simfonik orkestlari festivaliga taklif qilindik. Ming afsuski, pandemiya sababli borishning iloji bo‘lmadi, festivallar va ijodiy tadbirlar qoldirildi. Lekin orkestrning mana shunday festivallarga taklif qilinishi uning xalqaro miqyosda tan olinishi deb faxr bilan ayta olaman.

Prezidentimiz 2020 yil 30 iyunda imzolagan Yoshlarni qo‘llab quvvatlash va Yoshlar ishlari agentiligini tashkil etish bo‘yicha qarorda O‘zbekiston yoshlar simfonik orkestri negizida O‘zbekiston Davlat simfonik orkestrini tuzish bandi kiritilgan edi. Yaqinda ushbu masala bo‘yicha Vazirlar mahkamasining qarori qabul qilindi. Endi biz O‘zbekiston davlat simfonik orkestri maqomida, respublikaning birinchi raqamli simfonik orkestri sifatida faoliyatimizni davom ettiramiz.

Hozirgi kunda konsert faoliyatimizni respublikadagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda olib borayapmiz. Ularning soni kamaygan va aksariyati onlayn tarzda o‘tmoqda.

Har hafta biz Chaykovskiy, Shostakovich, o‘zimizning bastakorlarimiz asarlarini muxlislar e’tiboriga havola qilyapmiz. Har juma, shanba kunlari konsert beramiz. Bundan tashqari, orkestrimiz har oyning oxirgi jumasida Yoshlar ijod saroyida kamer musiqa kechalarini o‘tkazadi. Bu mutlaqo bepul konsertlar.

Qatarda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida bir nechta ma’naviy tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Mana shu ma’naviy tadbirlarga ham taklif qilinganmiz.

Kuzda Toshkentda xalqaro simfonik musiqa festivali o‘tkaziladi. Bu festivalda ham biz faol ishtirokchi sifatida qatnashib, muxlislarga bir qancha asarlar premeralarini havola qilmoqchimiz.

— Rektorlik va dirijerlik faoliyatingiz o‘rtasida balans bormi?

— Hozir balans bor desam, orkestrimdagi musiqachilar “rahbarimiz yolg‘onchi” deyishadi.

Rektorlik faoliyatim juda ham ko‘p vaqt va kuch sarflashni talab qiladi. egallaydi. Shunga qaramasdan ijod bilan shug‘ullanishga harakat qilaman. Chunki ijod hayotimning mazmuni, musiqa hayotimning ajralmas qismi, ijodsiz yashay olmayman.


Yaxshiyam-ki, ijodiy OTMga rahbarlik qilaman. Shundan foydalanib, pedagogik faoliyat ham olib boryapman, dirijerlik sohasida shogirdlar tayyorlayapmiz. Shu jihatdan dars jarayonlarimiz orkestr bilan bog‘liq. Albatta o‘zim rahbarlik qilayotgan O‘zbekiston davlat simfonik orkestri bilan ham konsert faoliyatini olib borishga imkon qadar harakat qilyapman.

— Musiqani tushunish, unga to‘g‘ri baho berish uchun nimalarni bilish kerak?

— Moskva davlat konservatoriyasida SSSR xalq artisti professor Gennadiy Nikolayevich Rojdestvenskiy sinfida tahsil olganman. Ustozimga kichik kurslarda o‘qiganimda: “Biz avangard, zamonaviy, modern musiqa deymiz. O‘sha musiqani tushunish uchun nimalar kerak? To‘laqonli anglash uchun nimalar kerak?”, deb savol berganimda bizga aytgan edilar: “Avangard musiqa bo‘ladimi, klassik musiqa bo‘ladimi, san’at asari bo‘ladimi bitta tamoyil: yoki u senga yoqdi, yoki u senga yoqmadi. Bo‘ldi, boshqa tushuncha, izoh berishning keragi yo‘q”.

Bu yerda ham baholash mezoni bir. Siz konservatoriya bitiruvchisimisiz yoki mutlaqo boshqa soha vakili bo‘lasizmi, asl musiqa, ishonavering, sizga yoqadi. Agar u yuqori professional darajada ijro etilgan bo‘lsa, u yoqadi. Agar ijro sifatsiz bo‘lsa, agar iste’dodsiz musiqachi ijro qilsa, uni siz albatta sezasiz. Balki tushuntirib berolmassiz, lekin albatta sezasiz.

Biz iqtidorli kino yoki intervyuni baholashning aniq bir mezonini bilmaymiz-ku. Yoki Tarkovskiyning filmlarining yozilgan bir mexanizmlari yoki tahlillari yo‘q. Lekin bu mukammal, klassik asarlar.

Musiqada ham xuddi shunaqa. Yoki bu iqtidorli, yoki iqtidorsiz ijro etilgan konsert.

— Rossiyalik kino tanqidchisi Anton Dolin Toshkentda uchrashuv o‘tkazganida kino san’atining rivojlanishi uchun juda katta mablag‘ talab etilishini aytgan edi. Musiqaning rivojlanishi uchun katta mablag‘ zarurmi? Umuman, мuсиқани rivojlantirishga kim hissa qo‘shishi kerak?

— Hammamiz hissa qo‘shishimiz kerak. Ham tinglovchi, o‘zining talabi bilan, ham sozanda, o‘zining mahorati, professionallik darajasi bilan.

Balki kino san’ati sohasiga moddiy tarafning muhimligi bordir. Chunki bu vizual san’at, uni yuzaga chiqarib berish faqat insonning iqtidoriga emas, balki texnologiyalarga ham bog‘liq.

Petr Ilich Chaykovskiy simfonik janrni insoniyat tarixida juda ham katta cho‘qqilarga olib chiqib bergan shaxs, bastakor. Vaqti kelganda asarlarini yozishga nota varoqlari bo‘lmagan.

Chaykovskiyning muzeyiga borsangiz, kichik-kichik lattalar, yoki kitoblarning hoshiyalariga yozib ketgan musiqiy motivlari ham bor. Agar o‘sha davrdagi podshohlar yoki imperatorlar Chaykovskiyga boshqacha nigoh bilan qarab, uning qadr-qimmatini sezib, boshiga ko‘targanida, saroyida olib o‘tirganida, qasrlar qurib berganida, oldiga yuzlab minglab xizmatchilar qo‘yganida, “Yevgeniy Onegin”, “Pikovaya dama”, “Oqqush” baletlari paydo bo‘lardi deb ayta olasizmi? Manimcha yo‘q.

Balki vizual san’at, yoki texnik vositalar yordamida amalga oshiriladigan san’at turlarida mablag‘ning ahamiyati bordir. Nazarimda, ayni musiqa san’atida mablag‘ning ko‘p yoki kamligi san’atning rivojlanishiga asosiy omil bo‘lib xizmat qilmaydi. Yoki u [iqtidor] bor, yoki u yo‘q. Musiqa san’atida iqtidorsiz insonga milliardlab pul sarflang, undan Turg‘un Alimatovlar, Yunus Rajabiylar yoki Abduhoshim Ismoilovlar chiqmaydi.

Kamoliddin Urinbayev “Gazeta.uz"ga bergan intervyusining birinchi qismida Konservatoriyada korrupsiyaga qarshi qanday kurashayotganligi, bugun qanday bosim turlari mavjudligi, ta’lim sohasidagi islohotlarning puxta o‘ylanmaganligi nimaga olib kelishi va rahbarlarga korrupsiyaga qarshi kurashda nima yetishmayotganligi haqida o‘z fikrlari bilan bo‘lishgan edi.

Davlat Umarov suhbatlashdi