Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashining bir guruh deputatlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqishdi.

Xalq deputatlari Andijon shahar kengashi deputati Jahongir Jiyanov mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotida islohotlarni amalga oshirishda prezident bilan «yelkama-yelka» ekanidan xursandligini bildirdi. Shu bilan birga, u ayrim mansabdor shaxslar tomonidan deputatlarga bosim o‘tkazilayotgani to‘g‘risida ma’lum qilib, kengashning «qonunlar va qonun osti hujjatlariga zid» qarorlaridan noroziligini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar yaqinda bo‘lib o‘tgan Andijon shahar kengashining 20-sessiyasida deputat Shuhratbek Karimovning daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan shikoyat qilishdi, biroq bir necha kun o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan «hali ham natija yo‘q».

«Biz mahalliy kengashlar deputatlari daxlsizligi qo‘pol ravishda buzilayotgani e’tiborsiz qoldirilayotganidan o‘z e’tirozimizni bildiramiz», — deya ma’lum qildi va Oliy Majlis Senatini sessiya tashkil etish qoidalari buzilgani sababli kengash qarorini bekor qilishga chaqirdi.

U prezidentdan vaziyatni nazoratga olishni va mahalliy kengash deputatlarining daxlsizligini kuchaytirishni so‘radi.

Xo‘jaobod tumani kengashi deputati Elyorbek Abduraimov Andijon shahar kengashi harakatlarini «qonunga zid» deb hisoblaydi. Uning ta’kidlashicha, ushbu holat nafaqat Andijon viloyati, balki butun mamlakat deputatlariga tegishlidir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «prokuratura qonun ustuvorligini ta’minlash uchun mas’ul organ sifatida shahardagi noqonuniy harakatlarni tanqid qilgan deputatning daxlsizligini buzgan».

«Bundan ko‘rinib turibdiki, qonunni himoya qiluvchi organlarning o‘zlari butun respublikag o‘rnak bo‘lish o‘rniga prezident qarorlariga, hukumat qarorlariga qarshi chiqayapti, deb o‘ylayman. Deputatga bo‘lgan hurmatsizlik, bu — xalqqa bo‘lgan hurmatsizlikdir. Chunki bu deputatni xalq saylagan, har bir deputatning ortida xalq turibdi», — dedi u.

Deputat amaldorlar doimi tanqid qilinishiga qaramasdan, ularning birortasiga chora ko‘rilmayotganini eslatib o‘tdi. Lekin «oddiy bir vatanparvar deputat bitta qilgan e’tirozi uchun daxlsizligidan mahrum bo‘ldi», — dedi Eldorbek Abduraimov.

«Senat raisi [Tanzila Narbayeva] tomonidan mahalliy kengashlarga juda ko‘p e’tiroz bo‘layapti. Qanaqa? Mahallik kengashlar ishlamayapti. Ishlaganning oqibati bunday bo‘ladigan bo‘lsa, qaysi mahalliy deputat ishlashi mumkin? Mana shu holatga, mana, 15 kun bo‘layapti, lekin biz sessiyaga nisbatan jiddiy, ijobiy munosabatni ko‘rganimiz yo‘q», — dedi u.

Andijon shahar kengashi deputati Diyorbek Абдuсаматовнинг aytishicha, sessiya kuni kengash rahbariyatiga qonun buzilganligi to‘g‘risida xabar bergan, ammo «biron bir kishi qonun buzilishining oldini olish choralarini ko‘rmagan».

Asaka tumani kengashi deputati Sa’dulla Ergashev ham Andijon shahar kengashi sessiyasining «noqonuniy qarorini» bekor qilishni so‘radi.

Xo‘jaobod viloyat kengashi deputati Bahodir Сайдалиевнинг aytishicha, Andijon viloyatining barcha tuman kengashlari Shuhratbek Karimovning deputatlik daxlsizligidan mahrum qilinganidan noroziligini bildirgan. Uning fikricha, sessiya «Andijon hokimi va prokurori ssenariysi bo‘yicha» tashkil etilgan.

Shahrixon viloyat kengashi deputati Mansur Rahmonov deputatlarning murojaatini nazoratga olishni so‘radi.

«Gazeta.uz» 17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar kengashi prokuror taklifiga binoan shahar hududidan noqonuniy ravishda yer uchastkalarini ajratib berishga qarshi chiqib kelgan deputat Shuhratbek Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilgani haqida xabar bergan edi. Ushbu sessiya davomida deputatlar tintuv qilinib, telefonlari olib qo‘yilgan edi.

Adliya vazirligi deputatlarning tintuv qilinishi va ular faoliyatiga aralashuv qonunga zid ekanini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Bosh prokuratura Shuhratbek Karimov va uning kompaniyasiga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan materiallar uni daxlsizlik huquqidan mahrum etishga asos bo‘lishi ta’kidladi.

21 may kuni Andijon shahar prokurori Qurbonali Asqarov ishdan bo‘shash haqida ariza yozdi. Bosh prokuratura uni ishdan ketishini shahar kengashi sessiyasidagi voqealar bilan bog‘liq emasligini aytdi.

Senat munosabati

18 may kuni kuni esa Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi ushbu hodisalarni o‘rganishni boshlaganini e’lon qildi.

Parlamentning yuqori palatasida «Gazeta.uz»ga xabar qilinganidek, sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Chulliyev va senator Farhod Bakiyev boshchiligidagi qo‘shimcha ishchi guruh hududga jo‘nab ketdi.

Shu kunning o‘zida Senat saytida bayonnoma e’lon qilinib, unda tez kunlarda maxsus komissiya tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalari yuzasidan jamoatchilikka batafsil ma’lumot berilishi ta’kidlandi.

«Murojaatda keltirib o‘tilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda, qonunchilikka zid ravishda qabul qilingan qaror Senat tomonidan o‘rnatilgan tartibda bekor qilinishi ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.

Video