20 aprel kuni bir qancha fuqarolar Toshkent tumanida joylashgan Uch qahramon bozori ma’muriyati do‘kondorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilib, ularni bozor hududidan majburan chiqarib yuborayotganini aytib, «Gazeta.uz»ga murojaat qildi.

Ta’kidlanishicha, 2007 yili bozorni qurish ishlari boshlanganida investitsiya va boshqa maqsadlarda fuqarolarning mablag‘lari jalb qilingan hamda buning evaziga bunyodkorlik ishlari tamomlangach, do‘konlardan ajratib berish va’da qilingan. 2009 yildan boshlab va’daga binoan shartnoma asosida do‘konlar tadbirkorlarga foydalanishga topshirilgan.

Biroq 2021 yilning aprel oyidan mulk egalaridan biror huquqiy tushuntirishsiz do‘konlar olib qo‘yila boshlangan. Bunga bozor rahbariyatidagi o‘zgarishlar sabab bo‘lgan.

Shu kuniyoq «Gazeta.uz» muxbiri mazkur holat yuzasidan tadbirkorlar hamda bozor ma’muriyati munosabatini o‘rganish, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Yunusobod tumaniga tutash, Toshkent xalqa avtomobil yo‘li ortida joylashgan bozorga bordi.

Aniqlanishicha, hozirda 1024 ta do‘kon mavjud bo‘lgan bozor asli «Yamal Timber Invest» O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasiga tegishli bo‘lib, «Uch qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi» MCHJga ijara shartnomasi asosida berilgan.

O‘zini bir necha do‘kon egasi deya tanishtirgan Marina Yumatovaning ta’kidlashicha, aprel oyi boshida ijarachilardan biri unga qo‘ng‘iroq qilib, do‘kon bozorga o‘tib ketgani va endi unga ijara pulini to‘lamasligini aytgan.

«Men bu voqealar haqida bir hafta oldin bildim. Meni ijarachim qo‘ng‘iroq qilib, „sizni do‘koningizni olib qo‘yishdi“, dedi. U bilan bozor ma’muriyati ijara shartnomasini tuzib, endi ularga to‘lov qilishini aytgan… Men 2009 yilda Uch qahramon bozoridan 3 ta do‘kon sotib olganman. Shartnomaga bir tomondan men, ikkinchi tomondan bozorning o‘shandagi rahbari (Xayrulla Abrorov) imzo chekkan. 10 yillar mobaynida do‘konlarimiz ishlab kelgan, hech qanday muammo bo‘lmagandi. Kimdir ijaraga bergan bo‘lsa, kimdir o‘zi magazinni yurg‘azgan. Men esa 2 tasini ijara bergandim. Kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida qilib kelganmiz. Har bir do‘konga o‘rtacha 800 ming so‘mdan to‘langan. Hozir shunaqa tushunarsiz vaziyat yuzaga kelayapti-ki, bozorni yangi egalari hech bir tushuntirish yoki biror asossiz do‘konlarimizni olib qo‘yyapti. Reyderlik yo‘li bilan tortib olishdi — bu fakt. Ular qonunda qandaydir „huquqiy bo‘shliq“ topishgan sheklli, xohlasanglar prokuraturaga murojaat qilinglar deyapti», — dedi u.

Do‘kondorlardan yana biri Abdurasul Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, u 2007 yili har bir do‘kon uchun 6 mln so‘m (MBning 2007 yil 7 avgustdagi kursiga binoan — $4724) atrofida to‘lov qilgan.

«Tadbirkorlar 2007 yili bozor hali qurilmasidan turib, oldindan 6 mln so‘mdan kvitansiya orqali pul to‘lashgan. O‘shanda bu yerlar tashlandiq joy edi. 2009 yilga esa shartnoma qilib berishgan. Biz bilan tuzilgan shartnomani muddati yo‘q. Bozorning hozirgi egasining o‘zi 25 yilga ijaraga olgan, ya’ni yerning o‘zi bularniki emas. Bularning aytishi bo‘yicha shartnoma muddati o‘tgan, sen bilan shartnoma qilmaymiz, deyapti. Biroq shartnomada muddat belgilanmagan-ku», — dedi u.

«Biz o‘zimizni dokonlarga ijarachi qo‘yib ishlatib kelayotgandik. Biz ijarada ishlatayotgan savdogarlarga (bozorni yangi rahbariyati) borib, „sen ishlaysanmi?“ deb so‘rab, ular bilan o‘zlari shartnoma tuzib olayapti. Nimaga asoslanib bizning mulkni o‘zlashtirib oldinglar, deb so‘rasak, asos ko‘rsatib bera olmayapti. 30 kishiga yaqin do‘kondorlar prokuraturaga (Toshkent viloyati Toshkent tumani prokuraturasi — tahr.) murojaat qildik. Tadbirkorlardan Akbar Ismoilov, bozordan Jasur Abdullayev kirib, prokuraturada gaplashishgan. Hattoki, prokuraturaga chaqirishganida ham asos keltirib berisha olmapti. Bizning nomimizdan kirib chiqqanlar shunday deb aytishayapti. Do‘kondorlarning birontasiga mana shu huquqiy asosda shartnomani bekor qilaman deb ko‘rsatmagan», — deya ta’kidladi u.

Abdurasul Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, 20 may kuni do‘kon egalarining barchasi o‘z haq-huquqini himoya qilish, masala yuzasidan ma’muriyatdan tayinli javob olish maqsadida bozorga yig‘ilishgan.

Foto: Sherzod Samikov / Facebook.

«Biz bugun yig‘ilganimizni sababi — o‘z haq-huquqini himoya qilishni so‘rab, kam sonli do‘kondorlar murojaat qilgan. Qolganlar esa o‘z huquqini bilmaydi. Kecha ham 50−60 nafar dokonlar yig‘ildi, advokatlar chaqirilib, ularga huquqiy maslahatlar berildi. Odamlar o‘z savollariga javob olishdi. Bularda (bozorni yangi egalarida) kadastr hujjatlari yo‘q, sababi ularning o‘zi ijarada o‘tiribdi. Qachonki, ularning 25 yillik shartnomasi tugasa, yerning egasi „biz bu yerda boshqa narsa quramiz“, deb yangi shartnoma tuzmasa, o‘shandagina biz ham bu yerni bo‘shatib, o‘zimizning dokonlarni buzib, olib chiqib ketamiz. Bularning ijara shartnomasida muddat 2029 yilgacha ko‘rsatilgan. Biznikida esa yili ko‘rsatilmagan», — deydi do‘kondor.

Ma’lum bo‘lishicha, 2007 yili bozor tashkil etilishi jarayonida 100 ga yaqin fuqarolarga qurilishga o‘z hissasini qo‘shish va buning evaziga bozor bitgach, do‘konlarni ajratib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Shartnomalarning ko‘pi 2009 yilning ikkinchi yarmida imzolangan.

Bunda, ikki tomonlama uch turdagi shartnomaga imzo chekilgan:

  • Investitsiya kiritish haqidagi shartnoma (mablag‘ evaziga do‘kon berilgan)
  • Qarz shartnomasi (qarz evaziga do‘kon qurib berilgan)
  • Oldi-sotdi shartnomasi (alyumin savdo do‘konlari sotilgan)

Yana bir muhim jihat, mazkur shartnomalar 2009 yilda MJCH bosh direktori bo‘lgan Abrorov Xayrulla Sagdullayevich tomonidan imzolangan va har bir shartnomada kelishuvga asosan do‘konlarning raqami ham aniq ko‘rsatilgan.

«Uch qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi» MCHJ

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestridagi ma’lumotlarga ko‘ra, jamiyat 2009 yili 21 yanvarda ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — savdoni tashkil qilish uchun maydonlarni ijaraga olish va boshqarishdan iborat. Hozirgi kundagi rahbari Abdullayev Jasur G‘ofur o‘g‘li. Aksiyadorlar orasida Axunova Dilobar Asralovna (61,40%), Abdullayev Jasur G‘ofur o‘g‘li (19,70%) hamda Shainoyatov Yuldash Shaturgunovich (18,90%) bor.

Ochiq platformadagi ma’lumotlarga ko‘ra, bunga qadar MCHJ va bozorga Axunov A.X rahbarlik qilgan. «Gazeta.uz»ga do‘kondorlarning ma’lum qilishicha, uni ismi Anvarxo‘ja bo‘lib, bozor qurilishida mulk egalari bilan oldi-sotdi shartnomani imzolagan Abrorov Xayrulla Sagdullayevichнинг (olamdan o‘tgan) o‘g‘li hisoblanadi. Otasidan keyin bozorga boshchilik qilgan va shu yilning birinchi yarmida Anvarxo‘ja o‘ziga tegishli aksiyalarni sotgan.

Uch qahramon bozorining hozirgi rahbari esa aksiyador Jasur Abdullayev hisoblanadi. Yuqoridagi murakkab vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida u bilan ham suhbatlashdik. Uning ta’kidlashicha, bir oy oldin bozor ta’sischilari ro‘yxatida o‘zgarish bo‘lgan.

«Uch qahramon savdo majmuasida bir oydan beri rahbar lavozimida ishni yuritib kelayapman. Bu xususiy bozor. Bir oy oldin ta’sischilar shartnomasi asosida, ya’ni uchta ta’sischi chiqib, yangi uchta ta’sischi kirib, xususiy bozorni sotib olganmiz. Men o‘zim ham ta’sischiman, ham shu bozor rahbariman. Bizning maqsadimiz faqat tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga keng yo‘l yaratib berishdan iborat. Bizning mulkimiz — bozor balansida 1024 ta do‘kon bor. Shundan qariyb 300 tasi hozirda ishlayapti, qolgani ishlamayapti. Maqsadimiz bozorni rivojlantirish. Biz o‘zimiz ijarada o‘tiramiz. Bizga faqat do‘konlarni ijaraga berish huquqi berilgan», — dedi u.

U bozordagi ushbu tushunmovchilikni o‘rganish maqsadida ishchi komissiya tuzilganini qayd etdi.

«Ish faoliyatini boshlaganizni birinchi kunidan tadbirkorlarni chaqirib, gaplashishdik. Bu yerda hozirgi holatda, qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlarini sotishni yo‘lga qo‘yish uchun tadbirkorlarni jalb qilayotgandik, do‘konlarni ochganimizda boshqalar „biz egasimiz“, deb chiqishayapti. Biz ulardan „mulk egaligi to‘g‘risidagi qanaqa hujjatinglar bor?“ deb so‘radik. Ularning qo‘lida 3 xil shartnoma chiqayapti. Hammada har xil, bittasi alyumin profilga kelishilgan holda qarz sifatida pul o‘tkazganman deyapti, kimdadir investitsiya olib kirganmiz degan shartnoma bor, yana boshqalarning qo‘lida oldi-sotdi shartnomasi turibdi. Bu vaziyatni yechish maqsadida ta’sischilarimiz bilan maslahatlashib, komissiya tuzdik», — deya tushuntirdi Abdullayev.

Jasur Abdullayev.

U komissiya tarkibida bozor ma’muriyati huquqshunosi, to‘rt nafar auditori, bosh buxgalter, moliya bo‘yicha direktor, qolaversa, xususiy loyihalashtiruvchi firma, Toshkent tumani soliq bo‘limi inspektori, profilaktika inspektori borligi, komissiyaga esa o‘zi rahbarlik qilayotganini aytdi.

«Birinchi o‘rinda balansimizda nima bor, hisobot qanday topshirilgan, degan savollarga javob qidirdik. Balansimizda bori 15 mlrd so‘mlik mulk bo‘lib chiqayapti. Mulk egasimiz degan tarafdorlar bilan ham bittalab gaplashib chiqayapmiz. Ular bozorning eski egalaridan sotib olganmiz deyapti. Qanaqa yo‘l bilan, endi men bilmadim, eski egalarni tanimayman. Biz olgan mulkimizni bosh rejasida ham, kadastr hujjatimizda ham 1024 ta do‘kon turibdi», — dedi u.

Bozorning yangi rahbarining so‘zlariga qaraganda, hozirda tadbirkorlar, ya’ni do‘konlarda oldi-sotdi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar bilan ijara shartnomasi imzolangan. Ular rahbariyat o‘zgarguniga qadar «do‘konning egasi ekanini aytayotgan shaxslar» bilan og‘zaki shartnoma asosida ishlab kelishgan.

«O‘sha payt (bozor yangi tashkil qilingan vaqtlarda) do‘kon sotib olgan odam bilan tadbirkor o‘rtasida muloqoti bor, shu paytgacha o‘zlarining oldi-berdisi bo‘lib kelgan. Endi ularning o‘rtasida ijara shartnomasi tuzilmagan, bir xillarida bo‘lgan, hammasi og‘zaki qilingan. Bu yerda (do‘konlar) narxi 200−300 dollardan bo‘lgan. Biz shunday qildikki, faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkor bilan ijara shartnoma tuzib, Vazirlar Mahkamasi va hokimiyat bergan tarif asosida har bir kv.metrni 60500 so‘mdan hisoblab berayapmiz. Buni ko‘rib, tadbirkorning o‘zi (ishlash niyatida — tahr.) kelayapti. Mana shu 300 ta tadbirkorimiz bilan shu yilning oxirigacha ijara shartnomamiz bor. Biz hozir faqat o‘sha yil boshida tuzilgan shartnomani har bitta punktini o‘zgartirib, yangi punkt kiritib berayapmiz. Buni ham huquqshunosimiz, auditorimiz maslahati bilan qilayapmiz», — dedi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, bozorni tashkil qilganlar bilan do‘kon egaligini da’vo qilayotganlar o‘rtasida o‘zaro kelishuv bo‘lgan.

«10 yil oldingi odamlar bilan investitsiya kiritgan, sotib olgan yoki profilga pul o‘tkazgan odamlarning o‘zlarini alohida oldi-berdisi bo‘lgan. Buni o‘zlari bilishadi, biz uning boshida bo‘lmaganmiz. Eski rahbarlar olamdan o‘tib ketishgan, hozir ular yo‘q… Bizda kadastr hujjati asosida tadbirkorlar bilan ishlayotganimiz uchun bu yerdagi uchinchi shaxslar bilan tushunmovchiliklar bo‘layapti. Biz ularga ham aytdik, xohlasanglar, tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib kelsanglar, sizlar bilan ham ishlaymiz dedik», — deb ishontirmoqda Abdullayev.

«Рейдyerсkiй zaxvat»

Suhbat davomida do‘kon egalari nomidan Akbar Ismoilov ham ishtirok etayotgan edi. Uning aytishicha, bozorning yangi rahbariyati o‘zboshimchalik bilan do‘konlarni egallab olgan. Shu bois, 20 may kuni ulardan tushuntirish olish maqsadida mulkdorlar bozorda yig‘ilgan. «Maqsad janjal ko‘tarish emas, balki muammoli vaziyatga huquqiy yechim topish», — deydi u.

«Jasur bilan uchinchi marotaba ko‘rishib turishimiz. Haligacha nima asosda bizga tegishli bo‘lgan mulk bularning balansiga o‘tib ketgani haqida ma’lumot taqdim qilishmadi. Biz mulkimizni asossiz egallab olinganini „reyderskiy zaxvat“ deb hisoblab, bozor ma’muriyatidan tushuntirish olmoqchimiz».

Akbar Ismoilov.

U bozorni yangi rahbarining fikrlari noto‘g‘ri ekanini ta’kidlab, shartnoma bo‘yicha mulkka — do‘konga egalik huquqi ularga tegishli ekanini ta’kidladi.

«Bu qo‘limdagi shartnomani Jasur ko‘rganlar, tuman prokurori ham ko‘rdi. Bozor uchta shaxsdan iborat bo‘lsa, ya’ni, yerni egasi — „Yamal Timber Invest“, mulk egasi — shartnoma bo‘yicha biz, uchinchisi Uch qahramon bozori ma’muriyati. Bizning oramizda tuzilgan shartnomada shu nazarda tutilganki, biz investitsiya kiritamiz, bozor ma’muriyati bizga qurib beradi, akt qilib topshiriladi hamda kommunal xizmatlarni o‘z bo‘yniga oladi. Elektr energiyasi, tozalik, qorovullik masalalarini bozor hal qilib beradi. MCHJ bu yerda ish yurituvchi vazifasida. Shu narsa 10 yildan beri bo‘lib kelgan. Bu shartnomani bozor asoschisi Dilshod degan yigit bilan tuzganmiz. Do‘konlardan oldingi rahbarlardan hech qanday qarz bo‘lmagan. Sizlar ish yurituvchi hisoblanasizlar, menga tegishli mulkka xo‘jayin emassiz. Bu yerda yerning egasi faqat qo‘shma korxona», — deya qo‘shimcha qildi.

«Shartnomada biz mulk egasi deb ko‘rsatilgan. Shunga ko‘ra, bizning mulkimizni sizlar qanday qilib uchinchi shaxsga ijaraga berdinglar?» deb savol bilan yuzlangani, biroq prokuror oldida ham bozorning yangi egasi huquqiy asos keltira olmaganini ta’kidladi.

U shuningdek, do‘kondorlar Toshkent tumani prokuroriga jinoiy ish ochishni so‘rab ariza kiritishganini qo‘shimcha qildi.

Jasur Abdullayev esa bozordagi do‘konlarning barchasi balansda ekanligini, kadastr hujjatida aks etganini yana bir bor ta’kidladi. Biroq u kadastr yoki boshqa hujjatlarni taqdim eta olmadi. Sababi so‘ralganida kadastr va boshqa hujjatlarni Toshkent tumani prokuroriga topshirganini aytdi.

«Bozor balansida, kadastr hujjatida hammasi turibdi. Kecha prokurorga taqdim etganmiz. Pasport hujjatimizda ham 1024 ta do‘kon bizda turibdi. Bular tadbirkor emas, boshqalarga ijaraga berib kelishgan. 10 yil avvalgi egalar bilan o‘zlarining kelishuvi bo‘lgan. Agar bularda hujjati bo‘lganida, har bir do‘konga kadastr hujjati rasmiylashtirib berishgan bo‘lishi kerak edi», — dedi u.

Jasur Abdullayev bu kabi do‘kon egasiman deb o‘z huquqini talab qilayotganlar ko‘pligini, aniq sonini ayta olmasligini ma’lum qildi. Qolaversa, vaziyatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar orqali yechim topilishi, so‘nggi so‘zni ular aytishini ta’kidladi.

«Yamal Timber Invest» O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri.

KTYADRdagi ma’lumotlargi ko‘ra, qo‘shma korxona 2019 yil 14 martda ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyat turi — savdoni tashkil qilish uchun maydonlarni ijaraga olish va boshqarishdan iborat. Ta’sischilari — «Toshkent texnotrans logistik» DUK (30%), «Tamer Unit Group» MCHJ (25%) hamda Storonkin Vladimir Ivanovichdan (45%) iborat. Uni rahbari etib esa Uch qahramon bozori jamiyatida 18,90% ulushga ega Shainoyatov Yuldash Shaturgunovich ko‘rsatilgan.

«Gazeta.uz» muxbiri yer maydonini ijaraga bergan tomonning fikri bilan ham qiziqib ko‘rdi. «Yamal Timber Invest» bosh direktori o‘rinbosari Pavel Aitovning aytishicha, bozorning yangi rahbariyati bu kabi tortishuvlar bo‘lishini oldindan bilgan holda shu harakatni boshlagan.

«Menga janjaldan foyda yo‘q. Shuningdek, men ularning faoliyatiga aralasha olmayman. Jasurlar qonun doirasida ish ko‘rayapti. Ular (do‘kon egalari) sudda yutqazadi. Ular (bozorni yangi egalari) shunga tayyor edi va nimaga qarab borayotganini ham yaxshi bilishgan. Jasur ham „juda katta mablag‘ berib, jamiyatga qo‘shildim, do‘kondorlardan pullarni men olmaganman-ku“, deyapti. U ham to‘g‘ri aytayapti. Bundan oldingi egasi Anvar (bozorning oldingi rahbari Anvarxo‘ja) ham „mening nima aloqam bor, 5−10 yil oldingilar nima qilganini men qayerdan bilay“, degandi», — deb uni so‘zlarini keltirmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Pavel Aitovning ta’kidlashicha, «o‘zaro kelishish kerak edi, endi sud bo‘lishi aniq».

«Lekin sudda (do‘kondorlar) aniq yutqazishadi. Ikki tomon ham pul sarflagan, ikkalasi ham o‘zicha haq… Nimaga bunaqa holat yuzaga keldi? Chunki bungacha rahbarlik qilgan odam do‘konlarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib olmoqchi edi, bo‘lmadi… Kadastr hujjati faqat menda bor, men yerning egasiman. Bozor ma’muriyati bilan esa faqat ijara shartnomasini imzolaganmiz, ularda kadastr yo‘q», — deya qo‘shimcha qildi qo‘shma korxona vakili.

«Bozor turguniga qadar o‘sha magazindan har bitta do‘kondor foydalanishga haqqi bor».

«Gazeta.uz» muxbiri vaziyatga dastlabki huquqiy bahoni berishni so‘rab, tadbirkorlarni ishini o‘rganayotgan huquq himoyachisi Jahongir Xo‘jamqulov bilan suhbatlashdi.

«Menga bugungi kungacha ma’lum bo‘lishicha, bozor yeri „Uch qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi“ jamiyatiga tegishli emas, u ijara olgan ekan. Aholining o‘zidan pulni olib, 2007 yildan boshlab do‘konlar qurgan. Aлюмин profillardan yasalgan do‘konlarni o‘sha paytda 6−7−9 mln so‘m atrofida sotishgan. Tadbirkorlarning o‘zidan pul olib, qurib berishgan va keyinchalik oldi-sotdi shartnomasini imzolashtirib bergan. Har bitta shartnomada do‘konlarning raqami, qatorigacha yozilgan. Fuqarolik kodeksiga muvofiq, oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan paytdan to‘lov amalga oshiriladi, shartnomada nazarda tutilgan predmet, ya’ni bu vaziyatda do‘kon tadbirkorning egaligiga o‘tishi belgilangan. To‘g‘ri, tagidagi yer ularniki emas, asli bozorniki ham emas. Bozor turguniga qadar o‘sha magazindan har bitta do‘kondor foydalanishga haqqi bor. Bu huquq ularning shartnomasida ham, qonunchilikda ham belgilangan», — dedi u.

Advokatning fikricha, shartnoma tuzish jarayonida ozgina xatolikka ham yo‘l qo‘yilgan.

«Rasmiylashtirishda ba’zilarda oldi-sotdi shartnoma qilishgan, ba’zilarga go‘yoki investitsiya tarzida hamkorlik shartnomasi tuzilgan. Bilamizki, hamkorlik shartnomasida har bir taraf o‘z hissasini qo‘shishi kerak. Bu holatda har bitta tadbirkor pul qo‘shgan. Umumiy ma’no shundaki, o‘sha pulga do‘kon qurilgan. Bu jarayon 2007 yildan 2011 yilgacha davom etgan. Ya’ni, boshida bir nechta do‘kon qurilgan, cho‘zilib, katta buyum bozori bo‘lib, bugungi kunda faoliyat olib bormoqda», — deya ta’kidladi Xo‘jamqulov.

Uning qayd etishicha, bozor ma’muriyatida aslida do‘konlarga egalik qilish huquqi mavjud emas.

«Bugungi kundagi holat — MCHJ ta’sischilari tarkibi o‘zgargan. Oldingi ta’sischilar do‘konlar tadbirkorlar egaligida hisoblanishidan xabardor. Yaqin davrgacha bular faqat kommunal xizmatlar uchun do‘kon egalaridan to‘lov olib yurishgan va shuning evaziga bozor ma’muriyati tirikchiligini qilgan. Kelishib ishlangan va yaqin kungacha hech qanday muammo bo‘lmagan. Jamiyat ta’sischilari o‘zgargani munosabati bilan yangi kelgan ta’sischilar go‘yoki do‘konlar bozorning o‘ziga tegishli va ular xohlagan ishini qiladi, xohlagan odamiga ijaraga beradi degan fikrga kelgan. Men bu ularning faraz qilgan huquqlari deb hisoblayman. Sababi, asl huquqlari ularda yo‘q», — deydi himoyachi.

«Birinchidan, biz kadastr, arxiv va hokimiyatdan tegishli hujjatlarni olamiz. Kimga tegishli, kadastr hujjati umumiy yer uchun qilinganmi yoki har bir do‘konniki bormi, o‘rganamiz. Lekin hozir oldindan hulosa qiladigan bo‘lsak, ularning kadastr hujjati ham, do‘konlarga egalik huquqi ham yo‘q. Lekin, shunga qaramasdan, mulk egalari ijaraga bergan sotuvchilar bilan til biriktirib, ijara shartnomasi asosida faoliyatni olib borishga harakat qilishayapti. Bu bozor uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri daromad olish uchun manba hisoblanadi. Biroq bu noqonuniy manba, ya’ni ularning egaligida bo‘lmagan do‘konlardan foyda ko‘rayapti. Bu miqdoriga qarab, ma’muriy javobgarlikdan to jinoiy javobgarlikkacha tortilishga asos bo‘ladi», — dedi u.

U, shuningdek, bu kabi holatlar kamdan-kam kuzatilishini qayd etib, oldi-sotdi shartnomasiga muddat ko‘rsatilmagani masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Oldi-sotdi shartnomasida muddati ko‘rsatilmaydi, bu shart emas. Uni amal qilishi qonunchilikda keltirilganidek, shartnoma tuzilganidan boshlab, ikkala tomon o‘z majburiyatini bajarganga qadar. Bu degani bir taraf pul beradi, ikkinchi taraf esa do‘konni ixtiyoriga topshiradi. U (mulk egasi) o‘sha yildan (2009 yildan) beri foydalanib kelayaptimi, demak, bu shundan dalolatki, (mulk) uning ixtiyoriga o‘tib bo‘lgan», — deya fikr bildirdi advokat.

Masalaning yechimi

«Yechimiga to‘xtalsak, men o‘ylaymanki, tadbirkorlarning qo‘llarida oldi-sotdi shartnomalar, to‘lov qilingani haqida kvitansiyalar bor. Shular asosida bular huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, jumladan, prokuraturaga yoki prokuratura huzuridagi departamenga murojaat qilib, o‘z huquqlarini himoya qilishga haqli. O‘ylaymanki, qonun bular tarafida», — dedi Jahongir Xujamqulov.

U bozor ma’muriyati murosaga kelishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

«Avvalambor, bozor ma’muriyati murosaga kelishi kerak. Balki biror hujjatlari yoki vajlari bordir, biz uni hali eshitmadik, ko‘rmadik. Lekin ular nimagadir ishonib, „bu bizning mulkimiz, xohlagan odamga beramiz“, deb gapirishayapti. Bu ommaviy masala ekanligi ko‘rinib turibdi, bu yerda yuzlab tadbirkorlar bor. Natijada bu belgilangan tartibda mansabdor shaxslarning e’tiborini tortishga asos bo‘ladi deb o‘ylayman. Bu yerda tadbirkorlar manfaati yotibdi. O‘sha paytda qurilishga bozorda pul yo‘q, tadbirkorlardan foydalanib olayapti-da, shu mablag‘larni ichida asfalt, beton, panjara, darvozalari, yonidan o‘tuvchi ariqlaru, lotoklarigacha qilingan. Do‘kon egalariga hokimiyat, Adliya va prokuratura yordam berishlari kerak», — deya ta’kidladi advokat.

Foto: Sherzod Samikov / Facebook.

20 may kuni do‘kon egalarining bozor ma’muriyati oldida to‘planishi yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi munosabat bildirdi. Unda vaziyatni Toshkent tumani hokimi va tuman Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i nazoratga olgani qayd etilgan.

«Toshkent tumani hokimi O.Rustamov tadbirkorlarning vajlarini tingladi va bir hafta muddatda mas’ul idora vakillarini jalb etgan holda holatga aniqlik kiritib, vaziyat borasida joyiga chiqqan holda tadbirkorlar va jamiyat ma’muriyati ishtirokida bir to‘xtamga kelishni ma’lum qildi», — deyiladi xabarda.