Yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda jami 2242 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etildi. Avariyalar natijasida 557 kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, yana 1684 kishi jarohatlangan, deb xabar bermoqda IIV YHXBB matbuot xizmati.

Viloyatlar kesimida eng ko‘p YTH Farg‘ona viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda — 328 ta (birinchi chorakda — 210 ta). Qolaversa, Toshkent viloyatida — 307 ta (208 ta) hamda Toshkent shahrida — 286 ta (170 ta) baxtsiz hodisalar qayd etilgan.

938 ta (birinchi chorakda — 620 ta) avariya piyodalar, 146 tasi (162 ta) velosipedchilar, 243 tasi (95 ta) bolalar va 12 tasi (10 ta) mototsikl haydovchilari ishtirokida sodir bo‘ldi. Bundan ko‘rinib turibdiki, birinchi chorakka qaraganda aprel oyining o‘zida piyodalar (318 ta) hamda bolalar (148 ta) bilan bog‘liq avariyalar soni keskin oshgan.

Infografika IIV YHXBB tomonidan birlamchi ma’lumotlar asosida tayyorlangan.

Avariyalar yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillar qatorida tezlikni oshirish — 32,4 foiz, piyodalar o‘tish yo‘laklari yo‘qligi sababli belgilanmagan joydan o‘tish — 16,2 foiz, ustuvor huquqqa ega transport vositasini o‘tkazib yubormaslik — 11,6 foiz, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish — 9,3 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, 4 foiz avariya yo‘l harakatini noto‘g‘ri tashkil etish va yo‘llardagi nosozliklar, yana 4,1 foizi esa veloyo‘laklar bo‘lmagan joylarda ularni urib yuborish kabi holatlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Qolaversa, haydovchilarning tajribasizligi barcha avariyalarning 5,9 foiziga sabab bo‘lgan bo‘lsa, rulda uxlab qolish 5,5 foiz, avtomobilni mast holatda boshqarish 3,1 foiz YTHga olib kelgan. Boshqa sabablar bilan bog‘liq holatlar esa 7,9 foizni tashkil etgan.

Avvalroq, “Gazeta.uz” 2021 yilning birinchi choragida mamlakatda sodir bo‘lgan 1491 ta yo‘l transport hodisasi oqibatida 1168 kishi jarohatlangani, 394 kishi esa vafot etgani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda O‘zbekistonda 6982 ta YTH sodir bo‘lgan, ularning 1689 tasi o‘lim bilan bog‘liq. Buning oqibatida 1962 kishi olamdan o‘tgan. YTHlarda jami 6591 kishi jarohatlangan.