Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga bordi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Ushbu markaz aholiga gematologik va transfuziologik yordam ko‘rsatish, shunday kasalliklarning oldini olish va ularni davolash, gematologiya sohasida ilmiy izlanishlar olib borishga ixtisoslashgan. Markazda yuqori dozali va intensiv poliximioterapiya usullari amaliyotga joriy etilgan. O‘tkir limfoblast leykozlarni davolashdagi yangi ishlanmalar natijasida bemorlarning remissiyaga chiqishi va to‘liq tuzalishi 70−85 foizgacha yetmoqda, deyiladi xabarda.

Prezidentning 2020 yil 10 fevraldagi qaroriga asosan, 2020−2024 yillarda gematologiya sohasini rivojlantirish uchun 546 mlrd so‘mdan ziyod va qariyb 71 mln dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. 2021 yilda 91 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgani qayd etilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, mazkur mablag‘lar hisobidan shifoxonalar dori vositalari, tib biy buyumlar, reaktiv va reagentlar bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, gematologiya xizmati moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va davolashni takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev markazning sharoitlarini ko‘zdan kechirdi. U yerda 3 ta bino bo‘lib, 260 ta o‘ringa ega. Hozirgi kunda bu yerda 210 nafar bemor davolanmoqda. Shundan 42 nafari bolalardir.

Davlat rahbari ushbu shifoxona uchun yangi bino barpo etish, unda Rossiyaning D.Rogachyov nomidagi tibbiy tadqiqot markazi tajribasi asosida bolalar onkogemotologiyasi markazi tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Aytilishicha, u yerda o‘zak xujayralarini donordan ko‘chirib o‘tkazish — allogen transplantatsiya yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: prezident matbuot xizmati.


Prezident tashrif chog‘ida shifoxonada davolanayotgan bolalar va ularning onalari bilan suhbatlashdi.

«Gematologiyada davolashni yaxshilash bo‘yicha qarorlar qabul qildik. Lekin, bu ishlar hali yetarli emas. Bugun kelishimdan maqsad — sizlarga yanayam ko‘proq sharoit yaratish, kasallarni tezroq oyoqqa qo‘yish, davolash kafolatini oshirish bo‘yicha choralarni belgilash. Sizlar hammangiz — mening farzandlarimsizlar. Har kuni kulib turib, ota-onalaringga madad bo‘lishlaringiz kerak. Albatta tuzalib ketaman, degan intilishingiz bo‘lishi kerak. Biz buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari onalar va bolalarni Ramazon hayiti bilan tabrikladi.

«Ko‘ngillaringiz bo‘linmasin. Bir o‘zlaringiz emassizlar. Hammamiz hamdardmiz. Bu sohada imkoniyatlarni yaxshilash uchun yangi markaz quramiz. U yerda onalar uchun ham, bolalarning o‘qishi uchun ham sharoit bo‘ladi, davolash ham o‘zgaradi. Eng katta niyatimiz — tezroq davo topib, uyga, oilangiz bag‘riga qaytishingiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.