13 may kuni O‘zbekiston bo‘ylab Ramazon hayiti keng nishonlanmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning маълумотларига ko‘ra, payshanba kuni tongda mamlakatning barcha masjidlarida jami 2 mln 576 ming kishi Hayit namozini ado etgan.

Shundan, 497 ming nafar vatandoshimiz Toshkent shahridagi 106 ta masjidda namoz o‘qidi. Jumladan, 18 ming musulmon Hazrati Imom majmuasida, 30 mingdan ortig‘i Shayx Zayniddin masjidida va 20 ming atrofidagi o‘zbekistonliklar Quddusi Sharif masjidida bayram namozida ishtirok etgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov payshanba kungi brifingda Ramazon oyida ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga 13,4 mlrd so‘m miqdorida yordam ko‘rsatilganini qayd etdi.

«Vaqf» hayriya jamoat fondi kam ta’minlangan (8000 atrofida) oilalar ehtiyoji uchun 543 mln so‘m ajratgan.

Joriy yilda Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan mamlakat masjidlarining umumiy daromadi 14,6 mlrd so‘mni tashkil etdi. Shundan, 10,29 mlrd so‘m hayriya ehsonlaridan iborat bo‘lsa, 4,3 mlrd so‘m — zakot va fikrdan tushgan. Muzaffar Komilovning so‘zlariga ko‘ra, mazkur mablag‘lar Islom dini talablariga muvofiq, belgilangan tartibda sarflanadi.

«Gazeta.uz» poytaxtdagi Minor masjididan fotoreportaj tayyorladi.