12 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida respublikadagi maktablarning sharoti haqida to‘xtalib o‘tildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muhbiri.

«Meni nima qiynaydi desangiz, aytaman: maktabdagi sharoit. Maktabdagi ahvollarni ko‘rsa, odam tavba deb yuboradi. Shu 4 yilda maktabga juda ko‘p e’tibor berdik, ammo muammolar hali ham ko‘p. Kamchiliklarni 27 yil ko‘rib-ko‘rmaslikka olganmiz. Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqanddagi maktablarning ahvolini yaxshi bilaman», — dedi prezident.

Davlat rahbari «Uchinchi Renessansga poydevor qurayotgan davrda, mablag‘larni to‘g‘ri sarflab, maktablarga birinchi navbatda yo‘naltirmasa, kitob, sharoit, o‘qituvchining ish haqini joy-joyiga qo‘yilmasa, niyatga erisha bo‘lmaslikni» ta’kidladi.


Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Hozirning o‘zida maktabni ta’mirlash, uyoq-buyog‘ini suvash uchun 30 trln so‘m kerak bo‘lyapti. Bir paytlar partani olib borib qo‘yib, maktab filiallari ochilgan. Bu hozir katta muammoga aylanyapti: bunday maktablar filiallarida o‘qigan bolalarning bilimi, o‘qituvchilarning saviyasi, oyligi, sharoiti qanday bo‘ladi — bunga javob yo‘q. Bu faqat maktab ta’limining o‘zidagi muammolar. Shermatov (Xalq ta’limi vaziri)ni oldimga chaqirsam, sharoitni yaxshilash uchun 30 trillion mablag‘ kerak, deyapti. Bu kitob-u partasini hisobga olinmaganda, faqat ta’mirlash uchun ketadigan mablag‘. Xadjibayev (sog‘liqni saqlash vaziri)ni chaqirsam, 60 trillion so‘m kerak, deyapti. Bu pullarni qayerdan olamiz?», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev bu kabi yillar davomida to‘planib qolgan dolzarb ijtimoiy muammolarni bartaraf etish uchun avvalo o‘z vaqtida soliq tushumlarini ta’minlash zarurligini ta’kidladi, mablag‘larni maqsadli sarflash nazoratini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda o‘quvchilar soni (6,24 mln) maktablarning loyihaviy quvvatidan (5,06 mln) sezilarli darajada ortib ketgani haqida ma’lum qilgan edi. Vazir agar vaziyat shu holda rivojlanib borsa, o‘rtadagi farq 2 mlntaga yetishini ta’kidlagandi. Bundan tashqari, Sherzod Shermatov 10 yil davomida juda ko‘p maktablarning binolari quvvati kamaygani sababli boshqa idoralarga foydalanish uchun berib yuborilganini ham qayd etgan.