Ayni vaqt prezident raisligida makroiqtisodiy vaziyat, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga bag‘ishlangan videoselektor bo‘lib o‘tmoqda. «Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, asosiy e’tibor birinchi yarim yillikdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga qaratilgan.

Prezident paxtada «pripiska» yo‘q qilingan bulsa-da, sanoat tarmoqlarida qo‘shib yozishni yo‘q qilish oson bulmayotganligi xakida gapirdi.

«Hokimlar tanish-bilish qilib, sherik bo‘lib asl holatni berkitishayaptimi? Prognozni bajara olmasa, nega rahbar bo‘lib o‘tirishi kerak?» — deya tanqid qildi davlat rahbari.

2021 yil uchun reja qilingan 5,1 foiz iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi hudud va tarmoq salohiyatiga nisbatan ancha past ekanligi qayd etildi.

«Bu ko‘rsatkich kamida 6 foiz bo‘lishi uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, viloyat, tuman va shahar hokimlari, tarmoq rahbarlari qo‘shimcha zaxiralarni topib, amalda ishga solishi kerak. Lekin, ayrim tarmoq va hudud rahbarlari yaratib berilgan imkoniyatlardan ham to‘liq foydalana olmayaptilar», — dedi davlat rahbari.

Ma’lum qilinishicha, birinchi chorakda «O‘zavtosanoat» da ishlab chiqarish hajmi 40 foizga, «O‘zbekneftgaz» — 4,7 foizga, charm mahsulotlari — 10 foizga pasaygan.

«So‘nggi bir yilda dori-darmon va tibbiyot buyumlariga ehtiyoj keskin oshgan bir paytda, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 22 foizga kamayishini, qanday izohlash mumkin?» — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, 74 ta yirik hududiy korxonada ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,1 trln so‘mga kamaygani qayd etib o‘tildi.

Jumladan, Toshkent shahrida — 23 ta (390 mlrd so‘m), Farg‘onada — 4 ta (367 mlrd so‘m), Qashqadaryoda — 6 ta (143 mlrd so‘m), Toshkent viloyatida — 12 ta (87 mlrd so‘m), Buxoroda — 5 ta (22 mlrd so‘m), Samarqandda — 4 ta (18 mlrd so‘m), Surxondaryoda — 9 ta (17 mlrd so‘m), Namanganda — 3 ta (13,5 mlrd so‘m).