Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya fuqarosi “Qizil kitob"ga kiritilgan 2 dona ayiqni ovlash uchun Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisidan ruxsat olganligi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Bu haqda ekologuz telegram-kanali xabar bermoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, Rossiya fuqarosi Shirokov Ye.P.ga 2021 yil 3 mart kuni Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Alisher Maksudovning imzosi bilan 400030-sonli ruxsatnoma berilgan.

Mazkur ruxsatnoma ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Bo‘stonliq tuman inspeksiyasida 4-son bilan 2021 yil 31 mart kuni ro‘yxatga olinganligi aytilmoqda.

Ovchi Rossiya Federatsiya fuqarosi Shirokov Ye.P. esa Bo‘stonliq tumanida 1 dona qo‘ng‘ir ayiqni otib, u bilan suratga tushgan. Ta’kidlanishicha, mazkur ayiqlar atigi 150 dona atrofida qolgan.

“Qizil kitobga kiritilgan jonivorlarni ov qilish Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi 290-sonli “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida"gi qarori bilan tartibga solinadi”, — deyiladi xabarda.

Makzur holat yuzasidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rasmiy izoh berdi.

“Maqola muallifi Nargis Qosimova bu boradagi amaldagi qonunchilikni yaxshi o‘rganmasdan jamoatchilikni chalg‘itish orqali qo‘mita rahbariyatini yomonotlig‘ qilish maqsadida odamlarni junbushga keltiradigan xabar tarqatgan”, — deyiladi xabarda.

Qo‘mita ruxsatnoma berish jarayoni qonunchilikka to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilganligini ta’kidlamoqda.

“Hozirda bu masala bo‘yicha asosli raddiya tayyorlanmoqda. Raddiya yaqin orada barcha ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi”, — deyiladi bayonotda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev holat yuzasidan fikr bildirib, bu masalada parlament nazorati kerakligini va qo‘mita raisi tushuntirish berishi kerakligini aytib o‘tdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ovchi “Tog‘ ovchilari klubi” ga ko‘ra u 2020 yilda 18 ta o‘ljani qo‘lga kiritib, 2020 yilning “Yil ovchisi” unvonini olgan. U 2020 yilning dekabr oyida O‘zbekistonga Buxarskiy urial (tog‘ qo‘yi) ovlash uchun kelgan ekan.

Ma’lumot uchun, 2020 yilning fevral oyida bu hayvonlar BMTning “Ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvon turlarini saqlab qolish” Konvensiyasiga kiritilgan edi.