«Mingo‘rik» arxeologiya yodgorligining muhofaza hududida Madaniy meros departamenti va uning hududiy boshqarmasidan ruxsat olmasdan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining «Ma’naviyat va ma’rifat markazi» qurilish ishlari boshlab yuborilgan.Bu haqda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi ma’lum qildi.

Avvalroq Anhor.uz yodgorlik yaqinida boshlangan qurilish ishlari madaniy meros ob’ektlarining davlat reyestriga kiritilgan qadimiy manzilgohni bosqichma-bosqich yemirilishini tezlashtirishi mumkinligi haqida yozgan edi. Yoriqlar undan avval ko‘rinib turgan.

Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi tomonidan 4 maydagi 240-sonli xat bilan Toshkent shahar prokuraturasiga holat yuzasidan chora ko‘rilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilingan.

6-may kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasiga taqdim etilgan qurilish bilan bog‘liq loyiha hujjatlari Madaniy meros departamenti huzuridagi Ilmiy ekspert kengashi tomonidan rad qilingan va navbatdagi ilmiy kengashiga taqdim etish taklifi bildirilgan.

«Ushbu masala Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi doimiy nazoratida», — deyiladi bayonotda.