Quddusdagi to‘qnashuvlar muqaddas Ramazon oyi boshlanganidan buyon bir necha haftadan beri davom etmoqda. O‘q otishlar Quddusda falastinliklar va Isroil xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar fonida boshlangan edi. Tartibsizliklarning kelib chiqishiga Isroil politsiyasining qadimgi Shom darvozasi oldidagi zinapoyada arablarning Ramazon oyi vaqtida to‘planishiga taqiq qo‘yilgani va Isroil sudining Quddusdagi bir necha arab oilalarini Shayx-Jarroh hududidan chiqarib yuborilishi haqidagi qarori sabab bo‘lgan.

Noroziliklar ayniqsa Isroil Quddus kunini nishonlaganida va shu kuni mamlakatning o‘ng qanot faollari shahar bo‘ylab yurib, bu ularning «bitta va bo‘linmas» poytaxti ekanligini ta’kidlab yurganlarida kuchayib bordi.

Erta tongda politsiya katta kuchlarni masjidga jalb etib, uning hovlisiga snayperlarni joylashtirdi va falastinliklarni bu hududdan chiqarib yuborish uchun ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz ishlatdi. Al-Aqso direktorining aytishicha, politsiya masjidga «misli ko‘rilmagan varvarlik hujumini uyushtirgan».

Falastinning HAMAS harakati ultimatum e’lon qilib, xavfsizlik kuchlarini Ma’bad tog‘idan olib chiqishni talab qildi va soat 18.00 da Quddusga va boshqa shaharlarga raketa hujumlarini boshladi. Tel-Avivda bombadan saqlanadigan joylar ochila boshladi.

Isroil javoban zarbalar bergan — Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 20 kishi, shu jumladan 9 nafar bola o‘ldirilgan. O‘zaro o‘q otishlar kamida 10 soat davom etgan. Falastin rahbari Ramazon hayiti munosabati bilan o‘tkaziladigan barcha bayram tadbirlarini bekor qildi va marhumlarga motam belgisi sifatida bayroqlarni tushirishni buyurdi.

«Al-Aqso masjidi va Quddusning qadimgi qismlari atrofidagi to‘qnashuv paytida 300 dan ortiq odam jarohat oldi», — deya xabar berdi TASS. Hozirda 228 kishi kasalxonalarda, ulardan yetti nafari og‘ir ahvolda va jarrohlik amaliyotiga yuborilgan.

Jahon hamjamiyati munosabati

BMT rahbari Isroilni xalqaro gumanitar huquq va xalqaro inson huquqlari qonunlari talablarini esga olib, Falastin uylarini buzishni to‘xtatishga chaqirdi.

«Isroil hukumati iloji boricha bosiqlik bilan tinch yig‘ilishlar erkinligi huquqini hurmat qilishi kerak. Barcha rahbarlar ekstremistlarga qarshi kurashish hamda zo‘ravonlik va da’vatning har qanday ko‘rinishda namoyon bo‘lishi uchun javobgardir», — deyiladi BMT bayonotida. Bosh kotib, shuningdek, «muqaddas joylarning maqomini» hurmat qilishga chaqirdi.

Antoniu Guterrish tegishli rezolyutsiyalar, xalqaro huquq va ikki tomonlama kelishuvlar asosida Isroil-Falastin mojarosiga yechim izlashga qaror qilinishini yana bir bor ta’kidladi.

AQSH isroilliklar va falastinliklar ziddiyatni pasaytirish va raketa hujumlarini to‘xtatish uchun amaliy choralar ko‘rishlari kerak, deb hisoblaydi, dedi AQSH davlat kotibi Entoni Blinken. Yevropa Ittifoqi tashqi xizmati G‘azo sektori va Sharqiy Quddusdagi zo‘ravonliklarni to‘xtatish zarurligini ham ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kommersant.

G‘azo va Isroil 10 may kuni raketa zarbalarini qayta boshlashgan edi.

«Raketa hujumlari darhol to‘xtashi kerak. Biz zo‘ravonlikdan xavotirdamiz. Barcha tomonlar eskalatsiyani yumshatishi, bosimni kamaytirishi, mojaroni tugatish va vaziyatni tinchlantirish uchun amaliy choralar ko‘rishi kerak», — dedi Blinken.

Oq uy vakili Jen Psaki brifing chog‘ida AQSH prezidenti Jo Bayden Isroildagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar «falastinlik oilalarni uylaridan quvib chiqarilishi» mumkinligidan xavotirda va Isroilga qarshi raketa hujumlarini «qabul qilinmaydigan va qoralashga loyiq» deb hisoblaydi.

Yevropa Ittifoqi G‘azo sektori va Sharqiy Quddusda zo‘ravonlik avj olishini to‘xtatish zarurligini ham e’lon qildi. «Bosib olingan G‘arbiy sohilda, shu jumladan Sharqiy Quddusda, shuningdek G‘azo va uning atrofidagi zo‘ravonlik zudlik bilan tugatilishi kerak. G‘azo sektoridan Isroilning tinch aholisiga raketa hujumlari qabul qilinishi mumkin emas va bu eskalatsiyaning yanada avj olishiga olib keladi. Avvalo, tinch aholining qurbon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak», — deyiladi Yevropa Ittifoqi bayonotida.