10 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida bloger Otabek Sattoriyga nisbatan ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Mazkur jinoyat ishi JIB Muzrabot tuman sudi raisi T. Abdiraimov raisligida ko‘rib chiqildi.

Sud hukmiga ko‘ra, O. Sattoriy ayblovning jabrlanuvchi N. Narbayevani haqorat qilganligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi bilan hamda T. Ko‘charov, A. Xudoyqulov va Z. Xursanovga nisbatan takroran tovlamachilik qilganligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, ushbu moddalar bilan uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli oqlandi.

Sattoriy JKning 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi «a», «g» bandlari va 165-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga JKning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari)ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li orqali uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Shuningdek,ashyoviy dalil sifatida olingan 1 dona «Vivo-X50» telefoni qonuniy egasi L. To‘rayevga, 1 dona «Redmi 5+» telefoni hamda 1 dona «Zotac» rusumli kompyuter protsessori qonuniy egasi sudlanuvchi O. Sattoriyga qaytarilishi belgilandi.

Bundan tashqari, Termiz shahridagi xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanuvchi notarius H. Boboqulov tomonidan 2020 yil 2 iyul kuni (KSH 032769 SV-sonli reyestr) tasdiqlangan «Termiz Eko Ekspress loyiha» MCHJ rahbari T. Shapulatov bilan O. Sattoriy o‘rtasida Surxondaryo viloyati, Termiz shahri, «Ma’rifat» mahallasi, Istiqlol ko‘chasi, 6-uyda joylashgan 42-raqamli kvartirani O. Sattoriyga sotganligi bo‘yicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topildi.

«Termiz Eko Ekspress loyiha» MCHJ rahbari T. Shapulatovdan sudlanuvchi O. Sattoriy foydasiga jami 234 835 000 so‘m undirilishi belgilandi.

Blogerning advokati Umidbek Davlatov esa bu hukmdan norozi ekanligini bildirdi. «Bu mutlaqo adolatsiz hukm bo‘ldi. Albatta hukm nusxasini olishimiz bilan apellyatsiya tartibida shikoyat berib yana davom ettiramiz», — dedi Davlatov.

Bunga qadar, prokuror suddan Otabek Sattoriyni beshta bandda aybdor deb topib, 11 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan edi. Sudlanuvchining advokati Umidbek Davlatov o‘shanda ham ayblovda ko‘rsatilgan holatlarning hech biri o‘z isbotini topmaganini aytgandi.