Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 10 maydan Hindiston va Turkiyaga aviaqatnovlar uchun vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatiladi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Ushbu mamlakatlarda COVID-19 tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatning keskin yomonlashishini hisobga olgan holda va tegishli idoralarning takliflari asosida cheklovlar joriy qilindi, deyiladi xabarda.

10 maydan boshlab Hindiston va Turkiyaga faqatgina quyidagi toifadagi fuqarolar borishlari mumkin bo‘ladi:

  • xizmat safariga boruvchi O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar,
  • xorijda tahsil olayotgan talabalar,
  • O‘zbekistonda yashash huquqiga ega bo‘lgan chet davlat fuqarolari,
  • diplomatlar va ularning oila a’zolari,
  • xorijda faoliyat yurituvchi fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar,
  • investitsiya loyihalari doirasida olib kelingan mutaxassislar,
  • tranzit va transfer yo‘lovchilar,
  • xorijda davolanish uchun ketayotgan fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (tegishli hujjatlar taqdim etilgan taqdirda).

Hindiston va Turkiyaga xizmat safariga boruvchi O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga aviachiptalar Respublika maxsus komissiyasining ruxsati bilan sotiladi.

Shuningdek, Hindiston va Turkiyadan kirib kelayotgan fuqarolar uy yoki mehmonxona shiroitida karantinda bo‘lishlari yuzasidan tilxat to‘ldirishlari kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari bir qator yshnalishlardagi aviaqatnovlar ham vaqtinchalik to‘xtatildi:

  • Istanbul shahridan Farg‘ona, Urganch va Samarqand shaharlariga aviaqatnovlarni 5 maydan 1 iyunga qadar to‘xtatildi;
  • Hindiston va Turkiyaga sayyohlar uchun mo‘ljallangan barcha charter qatnovlarni 10 maydan boshlab epidemiologik vaziyat barqarorlashgunga qadar to‘xtatiladi;
  • Toshkent-Istanbul yo‘nalishida aviaqatnovlarni vaziyatdan kelib chiqib, 10 maydan boshlab paritet asosida (talabdan kelib chiqib) kamaytirishga qaror qilindi.