4 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida bloger Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha sudning so‘nggi muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Sud muhokamasida prokuror 11 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi.

Prokuror bungacha sudlanuvchiga qo‘yilgan 8 ta ayblovdan uchtasini rad etib, beshtasi bo‘yicha uni aybdor deb topishni so‘radi.

Sudya va prokuror. Foto: Timur Ahmedov / YouTube.

Birinchi ayblov. Prokurorning fikriga ko‘ra, Otabek Sattoriy Termizda uy-joy qurish bilan shug‘ullangan «Termiz eko Ekspress loyixa» MCHJ rahbari To‘lqin Shopo‘latovga bosim o‘tkazib, qurilishdagi nuqsonlari bo‘lgan binolarning videosini e’lon qilish bilan qo‘rqitgan holda, tovlamachilik yo‘li bilan undan qiymati 784 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan ikkita kvartirani olgan. Shu bilan, u tadbirkorga 549 mln so‘m miqdorida zarar yetkazgani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, blogger Termizdagi onasi va singlisi nomida bo‘lgan va buzib tashlangan uylar uchun 234 mln so‘m yoki uning qiymatiga teng bo‘lgan mol-mulk olishi kerak bo‘lgan.

Advokat Umidbek Davlatov o‘z nutqida («Gazeta.uz» da bor) ushbu ayblov tasdiqlanmaganligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar kvartiralarning narxi va hujjatda ko‘rsatilgan miqdorlar to‘g‘ri hisoblansa, yetkazilgan zarar miqdori 549 mln so‘m emas, 304 mln so‘mni tashkil qiladi, va bu «tergov va jabrlanuvchining shoshqaloqligi»ni anglatadi.

Himoyachi Otabek Sattoriyning oilasi yashagan uy shahar hokimining qarori bilan 2018 yilda buzilganligini, ammo yaqin vaqtgacha tovon puli to‘lanmaganligi va shu vaqt ichida uy-joylarni baholash darajasi oshishi mumkinligini eslatib o‘tdi. Uning fikriga ko‘ra, hokim blogerga 2020 yilda qimmat narxdagi uyni berish bilan qarzini to‘lashga uringan. Umidbek Davlatovning ta’kidlashicha, Otabek Sattoriy hokim bilan shaxsan bog‘lanmagan va o‘z muammolarini prezident portali orqali hal qilishga harakat qilgan.

Natijada 2018 yil oktyabr oyida Termiz shahri hokimi, qurilish kompaniyasi va Otabek Sattoriy o‘rtasida ikkita kvartira ajratish va mablag‘larning bir qismini hokimiyat tomonidan to‘lanishi to‘g‘risida uch tomonlama shartnoma imzolangan.

Ikkinchi ayblov. Internetda Denov tumani FHDYO sobiq rahbari Nasiba Norboyevaning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi va haqoratli so‘zlardan iborat videoni tarqatish. Xabar berilishicha, Otabek Satoriy o‘z videosida uni «poraxo‘r» deb atagan va «2,5 mln so‘m va 2 kg xandon pista talab qilgan"ini aytgan. Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, tergov jarayonida pora olganlik bo‘yicha ayblov o‘z isbotini topmagan.

Advokat Umidbek Davlatovning ta’kidlashicha, ushbu ayblovda bayon qilingan holatlar hech qanday tarzda isbotlanmagan. U jinoyat ishi 2021 yil 30 yanvarda Nasiba Norboyevaning da’vosi bilan emas, balki L.To‘rayevning da’vosi bilan ochilganini ta’kidladi.

Himoyachining qayd etishicha, Nasiba Norboyevaning 2,5 mln so‘m va 2 kg xandon pista so‘raganligi to‘g‘risida dalil (audioyozuv) mavjud. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar kerak bo‘lsa, bu yozuvdagi ovoz unga tegishli ekanligini tasdiqlash uchun ekspertiza tayinlanib, buni isbotlash mumkin. Uning fikricha, Nasiba Norboyeva ataylab yolg‘on ko‘rsatma bergan, ba’zan esa ko‘rsatma berishdan bosh tortgan, shuning uchun unga nisbatan Jinoyat kodeksining 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) va 240-moddasi (jinoyat protsessi ishtirokchilarining o‘z vazifalarini bajarishdan qochishi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishni so‘ragan.

Otabek Sattoriy. Foto: Timur Ahmedov / YouTube.

Uchinchi ayblov. Qayd etilishicha, bloger gaz ballonlari tarqatilishi bo‘yicha video va javobgarlikka tortilishi yoki rahbarning ishdan bo‘shatilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa salbiy holatlar bo‘yicha ma’lumotlarni internetga joylashtirish bilan «Xududgazta’minot» AJ Surxondaryo viloyat filiali direktori o‘rinbosari v.b. O‘tkir Turdiyevga tahdid qilib, undan 10 ming dollar talab qilgan. O‘tkir Turdiyev kerakli miqdorni to‘lay olmaganligi sababli, Otabek Satoriy Facebook’dagi o‘zi administrator hisoblangan turli xil guruhlarda gaz ballonlari tarqatilishi haqidagi videolarni muntazam ravishda joylashtira boshlagan.

Advokat ushbu ayblovni «mutlaqo asossiz va mantiqsiz» deb atadi, va bu tergov paytida ham, sud jarayonida ham biron bir dalil bilan tasdiqlanmagani aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Otabek Satoriy videoni tarmoqqa joylashtirgan, ammo 165-modda (tovlamachilik) bilan jinoyat sodir etganlikda ayblanish uchun blogger birovning mol-mulkini yoki birovning mulkiga bo‘lgan huquqni talab qilishi, jabrlanuvchiga yoki unga yaqin bo‘lgan shaxslarga nisbatan zo‘ravonlik, mol-mulkka zarar yetkazish yoki yo‘q qilish, ular sir saqlashni xohlagan ma’lumotni oshkor qilish yoki jabrlanuvchini mol-mulkini berishga majburlaydigan muhit yaratish yoki shunga o‘xshash tahdid ostida mulk harakatlarini sodir etishi kerak bo‘lgan. Ammo bunday holatlar bo‘lmagan, dedi Umidbek Davlatov.

To‘rtinchi ayblov. Sherobod tumanidagi «Chinor Gul Baraka» dehqon bozori rahbari Lochin To‘rayevga nisbatan tovlamachilik. Qayd etilishicha, Otabek Sattoriy o‘z mobil telefoniga bozordagi kamchiliklarni videoga olib, so‘ngra bozor rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, u bozorni suratga olish paytida singan Redmi 5+ o‘rniga unga 5 mln so‘mlik yangi Vivo X50 telefonini sotib olib berishni talab qilgan. Agar uning talabi bajarilmasa, videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan tahdid qilgan. Bloger uy yaqinida Vivo X50 telefonini olayotganda hibsga olingan.

Advokat bu ayblovni «uydirma va yolg‘on» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, da’vogar uning «Otabek Sattoriy sizning qaysi siringizni oshkor qildi yoki suratga olib, uni tarqatish bilan tahdidi ostida sizdan telefon talab qildi?» degan savoliga aniq javob bera olmagan. Umidbek Davlatov bloger pul undirmaganligini, uning bunday motivlari yoki maqsadlari bo‘lmaganligini ta’kidladi. Bundan tashqari, uyali aloqa kompaniyalaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Otabek Sattoriy va Lochin To‘rayev o‘rtasida hech qanday qo‘ng‘iroq amalga oshirilmagan.

Himoyachining ta’kidlashicha, bozorni videoga olish paytida uning telefoni olib qo‘yilgan va shundan so‘ng telefonga zarar yetkazilgan.

Umidbek Davlatov (chapda). Foto: Timur Ahmedov / YouTube.

Beshinchi ayblov. Yana bir ayblovga Respublika onkologiya va radiologiya markazi filialining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Mastona Ahmedova bilan bog‘liq. Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, bloger Mastona Ahmedova bilan kelishmovchiliklarga duch kelgan shifokor Saxobat Ravshanovadan intervyu olgan va «kadrlar bo‘limi boshlig‘ining obro‘siga putur yetkazuvchi tuhmat so‘zlarini o‘z ichiga olgan bilan videoni internetga joylashtirgan». Video «Termiz shaxridagi Onkologiya dispanseri otdel kadrining korrupsion o‘yinlarini shifokor fosh qildi» deb nomlanadi.

Advokat ushbu ayblov ham sud majlisida hech qanday isbotini topmaganini va aslida Otabek Sattoriyga tuhmat qilinganligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mastona Ahmedova Otabek Sattoriyning qaysi so‘zlari tuhmat degan savolga javob berolmadi.

Umidbek Davlatovning ta’kidlashicha, onkologiya markazi xodimlarining intervyularini tarqatishdan oldin Otabek Sattoriy ulardan bayonotlar olgan hamda ularni videoga olib va ularning fikrlarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan, bu esa bu «umuman jinoyat hisoblanmaydi». U intervyuda aytilgan holatlarni tasdiqlovchi barcha hujjatlar taqdim etilishini ta’kidladi.

Prokuror blogerni 165-moddaning 3-qismining «a» bandi (juda katta miqdordagi tovlamachilik) va 139-moddaning uchinchi qismining «a» va «g» bandlarida (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab hamda g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) aybdor deb topilishini so‘radi. Birinchi modda uchun u sudyadan 10 yil ozodlikdan mahrum qilishni, ikkinchisi uchun 2 yil ozodlikni cheklashni so‘radi. Hukmlarni qo‘shib, prokuror sudlanuvchini 11 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi.

Bundan tashqari, prokuror 2020 yil iyun oyida Otabek Sattoriy va tadbirkor Tulkin Shopo‘latov o‘rtasida tuzilgan 2 xonali va yana bitta 3 xonali kvartirani blogerga berish to‘g‘risidagi shartnomani bekor qilish va kvartirani tadbirkorga qaytarish zarurligini ta’kidladi.

Advokat Umidbek Davlatov suddan mijozini oqlashni va zudlik bilan qamoqdan ozod qilishni so‘radi.

29 yanvar kuni Surxondaryo viloyati Termiz IIB xodimlari bloger Otabek Sattoriyni hibsga olishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bir kishini majburan mashinaga o‘tirg‘izib, olib ketgani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Dastlab, jinoiy ish 165-moddaning 1-qismi (tovlamachilik) bilan qo‘zg‘atilgan, so‘ngra ushbu moddaning 2-qismiga qayta malakalangan.

Blogerning advokati ish uydirilganligini ta’kidlagan edi. Vaziyatga deputat Rasul Kusherbayev va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi, Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi rahbari Komil Allamjonov, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (AQSH) va boshqalar e’tibor qaratdi. Bunga javoban Ichki ishlar vazirligi jinoyat ishi tergoviga aralashish uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirdi.