Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida Nexia-2 va elektroskuter to‘qnashishi oqibatida voyaga yetmagan yo‘lovchi vafot etdi, deya xabar bermoqda Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati.

1 may kuni fuqaro Q.A. Nexia-2 rusumli avtomashinasini O‘rtaqo‘ng‘irot qishlog‘i hududida boshqarib ketayotib, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan elektroskuter bilan to‘qnashgan.

Natijada skuter yo‘lovchilari voyaga yetmagan N.R. tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan hamda G‘.A. tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Buvayda tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan (transport boshqaruvchisi tomonidan transport vositasidan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.