«Xalq banki» Asaka filiali sayyor kassa hisobchi-nazoratchilari N.Q. va S.R. 158 nafar fuqaroning jami 90,3 mln so‘m pensiya va nafaqa pullarini talon-toroj qilgani aniqlandi. Ular mazkur pullarni tarqatmasdan, to‘lov qaydnomalarida imzolarni soxtalashtirgan, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Bundan tashqari, bank filialining sobiq rahbari U.Yu. va boshqalar «E.D.» MCHJ tomonidan kredit mablag‘ini to‘liq so‘ndirish uchun to‘langan 58 mln so‘mni bankka kirim qilmasdan o‘zlashtirganligi ma’lum bo‘ldi. Xabarga ko‘ra, fuqarolar qilmishlarini yashirish maqsadida notarial idoraga soxta hujjatlar taqdim qilib, garovdagi mulkka qo‘yilgan taqiqni bekor qilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.