“Milliy Tiklanish” demokratik partiyasi turli davlatlarning (Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Fransiya, Germaniya, Qatar, Irlandiya) davlat tili bo‘yicha tajribasiga bag‘ishlangan taqdimot e’lon qildi. “Gazeta.uz” kolumnisti Komil Jalilov fact-checking muhimligini qayd etgan holda, ushbu mamlakatlardagi davlat tili bo‘ycha qonunchilik va undagi talablarni tahlil qildi.

Partiyaning davlat tili mavqeini yuksaltirish borasidagi harakatlarini e’tirof qilgan qolda, taqdimotdagi ayrim jihatlarga e’tibor qaratmoqchi edim.

“Ish yuritish tili” va “murojaatlar tili” — har xil tushunchalar. Biron-bir tilning ish yuritish tili deb belgilanishi har doim ham jismoniy shaxslar aynan shu tilda davlat organlariga murojaat qilishi lozimligini anglatmaydi. Masalan, oldingi maqolamda yozganimdek, Rossiya yoki Ozarbayjon qonunchiligida fuqarolar davlat organlariga faqat davlat tilida murojaat qilishlari shartligi belgilanmagan, Gruziyada esa milliy ozchiliklar jips yashaydigan hududlarda davlat organlariga davlat tilida murojaat qilinishini ta’minlash uchun davlat tarjimon bilan ta’minlashi shartligi qonunda mustahkamlangan.

Turkiya Konstitutsiyasi turk tilini davlat tili sifatida e’tirof etadi va hatto Turkiya fuqarolariga turk tilidan boshqa tillarni ona tili sifatida o‘rgatishni ta’qiqlaydi. Mazkur norma xalqaro tashkilotlar tomonidan bir qator xalqaro normalarga, shu jumladan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi"ga zidligi bois tanqid qilib kelinadi. Turkiyaning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi mazkur konstitutsiyaviy normani xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga chaqirib keladi.

Fransiyaning davlat (fransuz) tili qo‘llanilishi masalalarini tartibga soluvchi “Tubon qonuni” ham fuqarolar murojaatlarini tartibga solmaydi. Shuningdek, mazkur qonunning o‘zida qonunning qo‘llanilishi Fransiyadagi regional tillarning ishlatilishiga to‘sqinlik qilmasligi qayd etilgan.

Germaniya Konstitutsiyasida nemis tilini davlat tili sifatida belgilovchi norma mavjud emas. Konstitutsiyaning 3-moddasi til nuqtai nazaridan diskriminatsiya qilishni ta’qiqlaydi, bundan tashqari, Germaniya Yevropa Kengashining “Milliy ozchiliklar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Doiraviy Konvensiyasini ratifikatsiya qilgan va Konvensiya normalari federal yerlar normalaridan ustunlik qiladi. Germaniyaning nemis tili davlat organlarida rasmiy til sifatida qo‘llanilishini va davlat organlariga chet tilida kelgan hujjatlarning nemischa tarjimasi talab qilishini belgilovchi “Ma'muriy amaliyotlar to‘g‘risida"gi Qonuni esa davlat organlarining o‘zaro munosabatlarini tartibga sooladi.

Qatarning “Arab tilini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonuni ham vazirliklar va davlat idoralari ish yuritishda hamda yig‘ilishlarda arab tili ishlatilishini belgilaydi, shuningdek, nomlanishi arab tilida bo‘lmagan tashkilotlar va mahsulotlar nomlarida xorijiy tildagi nomlanishi bilan birga arab tilida ham takrorlanishi lozimligini belgilaydi.

Irlandiya Respublikasining “Rasmiy tillar to‘g‘risida"gi Qonunida agar fuqaro davlat organiga rasmiy tillardan birida murojaat qilsa, murojaatga javob shu tilda berilishi belgilangan. Shu bilan birga, fuqaro murojaati aynan rasmiy tillarda (irland yoki ingliz tilida) bo‘lishi shartligini belgilovchi norma mavjud emas.

Amaldagi “Davlat tili haqida"gi Qonunda ham rasmiy ish yuritish tili va murojaatlar tilini tartibga soluvchi alohida moddalar mavjud. 8 va 9 moddalarda hujjatlar davlat tilida qabul qilinishi hamda davlat va boshqaruv organlarda ish yuritish davlat tilida olib borilishi belgilangan. 14-moddada esa shaxslarning davlat tashkilotlarga davlat tilida yoki boshqa tillarda murojaat qilish huquqi kafolatlangan. Shunday ekan, shaxslarning boshqa tillarda murojaat qilishi huquqi ta’minlanishi ish yuritishning davlat tilida olib borilishini istisno qilmaydi.

Davlat barcha uchun majburiy talab kiritilishidan oldin, shu talabning bajarilishi uchun sharoit yaratishi lozim. Barcha fuqarolar davlat organlariga faqat davlat tilida murojaat qilishini talab qilishdan oldin, davlat tilini o‘rganish uchun yetarli sharoit yaratish kerak emasmi? Davlat tilini bilmaydigan, fuqaro sifatida o‘zi to‘layotgan soliqlari hisobidan davlat organi faoliyatini ta’minlayotgan fuqaro davlat organi unga xizmat ko‘rsatishi, ya’ni o‘z vazifasini bajarishi uchun nega yana o‘z hisobidan tarjimonga xarajat qilishi kerak? Bunga yuristlar nima deydi?

Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.