Juma kuni YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade ham boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari qatorida COVID-19`ga qarshi emlandi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri. U shu kunlarda koronavirusga qarshi davolangani va sog‘lig‘i yaxshilangach emlanishga qaror qilganini qo‘shimcha qildi.

Suhbat davomida YUNISEF rahbari COVAX dasturi doirasida vaksinaning keyingi partiyasi qachon olib kelinishiga ham to‘xtalib o‘tgan.

«Dastlab may oyida vaksinaning qolgan qismini olib kelishni reja qilgan edik. Vaksina Hindistonda ishlab chiqarilishi va u yerdagi hozirgi (epidemiologik — tahr.) vaziyatni inobatga olgan holda, yetkazib berishda kichik kechikishlar bo‘lishi haqida bizni va o‘z navbatida hukumatni rasman xabardor qilishdi. Shunga qaramasdan, biz iyun oyida dozalar o‘rtasida juda katta farq bo‘lmagan tarzda yetkazib berilishiga umid qilamiz», — dedi u.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. Foto: UNICEF.

Shuningdek, Hindistonda epidemiologik vaziyat keskinlashsa, vaksinalar boshqa mamlakatlardan olib kelinishi mumkinligi aytildi.

«Agar Hindistonda vaziyatni qo‘lga olish qiyinlashsa, unda muqobil variantlarni ko‘rib chiqish masalasi global miqyosda muhokama qilinmoqda. Chunki, ushbu vaksina Koreya Respublikasida ham ishlab chiqariladi. Shu bilan birga boshqa variantlar ham ko‘rib chiqilmoqda. Umid qilamizki, yaqin kunlarda bu hal bo‘ladi. Biz logistika va boshqa barcha tashkiliy jarayonlarni hal qilganmiz. Asosiysi yetarli miqdorda vaksinalar ishlab chiqarilishida, vaksina tayyor bo‘lishi bilan biz yetkazib berish chorasini ko‘ramiz», — dedi Munir Mamedzade.

COVAX dasturi bo‘yicha O‘zbekistonga 2 mln 256 ming doza AstraZeneca vaksinasini yetkazib berish reja qilingan. 17 mart kuni Toshkentda uning birinchi partiyasi — 660 ming doza qabul qilib olingan edi.

Xalqaro tashkilot rahbarining ta’kidlashicha, dasturdan tashqari vaksina xarid qilish masalasi emlash bo‘yicha milliy rejaga muvofiq tartibga solinadi va hal etiladi. «Ushbu rejaga asosan joriy yil oxirigacha vaksina bilan mamlakat aholisining 20 foizini qamrab olish ko‘zlangan», — dedi YUNISEF rahbari.

Munir Mamedzadening qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistondagi xorijiy tashkilotlar va dipkorpuslar rahbar va xodimlari gumanitar yordamdan tashqari, BMT tomonidan xarid qilingan AstraZeneca vaksinasi bilan o‘z xohishiga ko‘ra emlanmoqda.

CCVning ma’lumotiga ko‘ra, 1 apreldan shu kungacha 718 471 fuqaro koronavirusga qarshi emlangan.

Vaksinalar kesimida emlanish holati:

  • AstraZeneca — 323 772 nafar;
  • Xitoy-o‘zbek (ZF-UZ-VAC2001) — 391 478 nafar;
  • «Sputnik V» (Gam-KOVID-Vak) — 3221 nafar.

«Gazeta.uz» 27 aprel kuni O‘zbekistonga yana 1 mln doza xitoy-o‘zbek vaksinasi olib kelingani haqida yozgan edi. Hozirgi kungacha emlanganlarning 46 foizi aynan ushbu vaksinani tanlagan. O‘zbek-xitoy vaksinasining 1 mln dozalik avvalgi partiyasi 27 mart kuni keltirilgan edi.

Shuni kuni yana «Sputnik V»ning ikkinchi partiyasi — 50 ming doza vaksina ham olib kelindi. Uning dastlabki partiyasi qancha miqdorda keltirilgani haqida ma’lumot berilmagan edi. Umumiy sotib olingan «Sputnik V» vaksinalari narxining yarmi tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan moliyalashtirildi.