Turkmanistonda davlat rahbari «imijini buzmaslik» uchun Turkmanobodda oziq-ovqat mahsulotlari uchun navbatlar taqiqlandi. Mazkur taqiq mamlakat prezidentining o‘g‘li, bosh vazir o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedovning buyrug‘i bilan joriy qilindi. Bu haqda Azatliq ma’lumotlariga tayanib, TJ xabar bermoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, Serdar Berdimuhamedov savdo vaziridan biron bir fuqaro do‘konlarning atrofida yoki uning oldida to‘planmasligini talab qildi. Chunki olomon «ota-prezident imijini buzmoqda».

Yangi qoidalarga ko‘ra, fuqarolar do‘konlarda ro‘yxatdan o‘tishlari va oziq-ovqat sotib olishlari uchun qo‘ng‘iroqni kutishlari kerak. Turkmanobodda to‘rt kishigacha navbatda turishga ruxsat berildi, qolganlari eng yaqin pod’ezdlarda o‘z vaqtlarini kutishlari kerak.

«Politsiya xodimlari do‘konlarning oldida to‘rt kishidan ko‘proq odamning navbatda turishiga yo‘l qo‘ymayapti. Shuningdek, tovarlar, do‘konning asosiy kirish qismidan emas, balki orqa eshik orqali sotiladi. Agar kimdir norozilik bildirmoqchi bo‘lsa, politsiya uni hibsga olish va jazo sifatida navbatdan olib tashlash bilan tahdid qilmoqda» — deydi Turkmanobodda istiqomat qiluvchi fuqaro.

Avvalroq, xuddi shu taqiq Turkmaniston poytaxti Ashxobodda ham joriy qilingan edi, ammo aholi buni e’tiborsiz qoldirgan. Bu esa navbatda turgan odamlarni hibsga olish holatlariga olib kelgan. Aytilishicha, hibsga olinganlar orasida ko‘plab ayollar bor.

4 yildan beri Turkmanistonda oziq-ovqat inqirozi davom etmoqda. Xususiy do‘konlarda va bozorlarda narxlarning ko‘tarilishi fuqarolarni ertalab 6 dan 8 gacha sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlarini imtiyozli narxlarda sotib olishga ulgurish uchun erta tongda navbatda turishga majbur qilmoqda.

Mamlakat rasmiylari oziq-ovqat inqirozi va ijtimoiy-iqtisodiy muammolar mavjudligini tan olishmagan.