Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi 16 aprel kuni Qarshi shahrida ichki ishlar organlari xodimlari va Daryo muxbiri Otabek Qo‘ldoshev ishtirokida sodir bo‘lgan voqeani o‘rganishni yakunladi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi ushbu voqea ishtirokchisi Qarshi shahar IIO FMB boshlig‘ining o‘rinbosari Azamat Shaymardanov bo‘lganligini, u «Ichki ishlar organlari xodimlarining odob-axloq qoidalari»ning tegishli bandlari hamda IIO faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy buyruqlar talablarini qo‘pol ravishda buzib, fuqarolarda IIOga nisbatan salbiy fikrlar uyg‘onishiga sababchi bo‘lganini ma’lum qildi. Aniqlangan qonunbuzarliklarni hisobga olib, unga «qattiq hayfsan» berilgan.

Jurnalistni IIBga olib borgan profilaktika inspektori va PPX bataloni bo‘linma komandiri IIVning amaldagi me’yoriy buyruqlari talablari asosida harakat qilganligi ma’lum qilindi.

«Xizmat tekshiruvi xulosasi nusxasi va to‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Qarshi shahar prokuraturasiga yuborilgan», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari jurnalistning ishiga aralashganligi, xususan, jurnalist juma namozini suratga olish paytida ular telefonini tortib olishgani va uning o‘zi ichki ishlar bo‘limiga olib ketilganligi haqida xabar berilgan edi.