Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Soliq kodeksiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni ko‘zda tutadi. Bu haqda deputat, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

Jumladan, 2021 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar:

  • o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagi importi;
  • o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmasi QQSdan ozod qilinadi;
  • xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga o‘zlari tomonidan import qilingan kungaboqar yog‘i va kungaboqar urug‘larni qayta ishlash natijasida ishlab chiqarilgan o‘simlik yog‘ining 50 foizidan oshmagan qismini eksport qilishga ruxsat beriladi.

Loyihada davlat bojxona qo‘mitasiga xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan import qilingan kungaboqar yog‘i hamda kungaboqar urug‘larini qayta ishlashdan olingan o‘simlik yog‘i hajmiga nisbatan eksport shartnomalari doirasida amalga oshirilgan eksport hajmi 50 foizdan oshishiga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha nazoratni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Deputatlar qonun loyihasini ma’qullab Senatga yuborishdi

O‘simlik yog‘i qayerdan va qancha miqdorda olib kirilmoqda? Manba: Statistika qo‘mitasi.

Avvalroq «Gazeta.uz» nima uchun o‘simlik yog‘i narxlari oshib ketgani haqida ma’lum qilgan edi. Bunga tashqi bozorlarda narxlar ko‘tarilishi sabab bo‘lgani aytilgan edi.

O‘simlik yog‘i narxlari o‘sish dinamikasi. Manba: Markaziy bank.

Rapsa yog‘i narxining o‘sish dinamikasi. Manba: Markaziy bank.

Palma yog‘i narxining o‘sish dinamikasi. Manba: Markaziy bank.

Soya yog‘i narxining o‘sish dinamikasi. Manba: Markaziy bank.

Payshanba kuni Markaziy bank o‘tkazgan matbuot anjumanida jahon bozorlarida barcha turdagi o‘simlik yog‘lari — kungaboqar, soya, kolza va palma yog‘lari narxlari o‘sib borayotgani haqida xabar berildi. Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratovning so‘zlariga ko‘ra, yil davomida dunyoda o‘simlik moyi 61 foizga qimmatlashdi.

Markaziy bank rahbari o‘rinbosari Behzod Hamroyevning ta’kidlashicha, jahon bozorlarida oziq-ovqat mahsulotlarining narxiga mavsumiy omillar ta’sir ko‘rsatmoqda.

«Bu tovarlarning jahon narxlari doimiy ravishda o‘sib borishini anglatmaydi. Masalan, bu yil narxlar 20−30 foizga oshdi, ammo bu yaqin yillarda ular ham o‘sishini anglatmaydi. Ba’zida mavsum noqulay bo‘lishi mumkin. Kutish kerak. Dunyoda kungaboqar yog‘i bo‘yicha avgust, sentyabr, oktyabr oylari uchun fyuchers shartnomalari ancha past — 1200 dollar, hozir esa 1500−1550 dollar», — dedi u.

Behzod Hamroyevning aytishicha, hukumat o‘simlik moyi bozoriga markazlashgan aralashuv va import uchun transport xarajatlarini kamaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.