Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva o‘tgan yilda 2,5 mingdan ziyod byudjet muassasasida 301 mlrd so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari talon-taroj qilinganligini ma’lum qildi.

«Narxlarni sun’iy oshirish orqali davlat xaridlarini amalga oshirish holatlari aniqlanganligi tashvishli holatdir», — dedi senat raisi.

Qurilish, tibbiyot, maktabgacha ta’lim sohalarida korrupsiya holatlari ko‘paygani ta’kidlandi.

Tahlillarga ko‘ra:

  • Qurilish sohasidagi 44 ta qonun hujjati ekspertizadan o‘tkazilganda, ularning 23 tasida 124 ta;
  • Sog‘liqni saqlash sohasidagi 70 ta qonun hujjatining 13 tasida 41 ta;
  • Ta’lim sohasidagi 96 ta qonun hujjatining 17 tasida 81 ta korrupsiyaviy omillar aniqlangan.

Bundan tashqari, Senat raisining ta’kidlashiga ko‘ra, 5 200 dan ziyod tadbirkor huquqlari buzilgan. Tadbirkorolar manfaatlariga zid keluvchi 350 dan ziyod noqonuniy hujjat chiqarilgan. 24 mingga yaqin tadbirkorning turli yo‘nalishlardagi (kredit, yer, bino, kommunikatsiya, litsenziya) muammolari faqatgina prokuratura organlarining aralushuvidan keyin hal qilingan.

Ma’lum qilinishicha, 2019 yilda irrigatsiya, melioratsiya tadbirlari uchun ajratilgan 1,7 mlrd so‘m mablag‘ talon-taroj qilingan bo‘lsa, o‘tgan yilda bunday talon-tarojliklar qariyb o‘n barobarga oshib, 16 mlrd so‘mni tashkil etgan. Mazkur yo‘nalishda 2019 yilda 92 ta jinoyat aniqlangan bo‘lsa, o‘tgan yilda bu raqam qariyb to‘rt barobarga oshib, 359 tani tashkil etdi.

Tanzila Narbayevaning ta’kidlashicha, kasallikka qarshi kurashish tadbirlari hamda tibbiyot va karantin muassasalarini qurishda 367 mlrd so‘mdan ziyod moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Qimmat narxlarda shartnomalar tuzilgan. Ayrim hollarda mablag‘lar umuman boshqa yo‘nalishlarga sarflangan.

«Chet elda yurgan 1,5 ming nafardan ziyod fuqaroga jamoat ishlarida qatnashdi, deya 1,4 mlrd so‘m yoki vodiy tumanlarida (Toshloq, Kosonsoy) paxta terimida qatnashmaganlarga millionlab mablag‘ ish haqi sifatida to‘lab yuborlganini mutasaddilar nima bilan izohalashadi?» — dedi Senat raisi.

Ma’lumotga ko‘ra, xalq ta’limi tizimida 192 mlrd so‘mdan ziyod moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Sohta hujjatlar asosida 40 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘, jumladan Dehqonobod, Chiroqchi, Qamashi va Yakkabog‘ tumanlari xalq ta’limi bo‘limlarida 8,7 mlrd so‘mlik ish haqi noqonuniy o‘zlashtirilgan.

«Tizimdagi qurilish-ta’mirlash ishlarida qariyb 6 mlrd so‘m noto‘g‘ri sarflangan. Beruniy tumanida 420 mln so‘mga qurilib, foydalanishga topshirildi, deya ko‘rsatilgan maktab filiali, aslida bo‘m-bo‘sh yer bo‘lib chiqqani aqlga sig‘maydi. Bu kabi kamchiliklarni maktabgacha ta’lim tizimida ham ko‘rish mumkin. 48 mlrd so‘mdan ziyod moliyaviy xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Qariyb 4,5 mlrd so‘m mablag‘ noqonuniy o‘zlashtirilgan», — deya ta’kidladi Tanzila Narbayeva.